
Davlat banklari turizm biznesidan chiqmoqda
Yanvar oyida bir qancha davlat bankiga tegishli kompaniyalar turizm ob’ektlari va mehmonxonalar auksionini o‘tkazmoqda.

Dekabrda «Sanoatqurilishbank»ka tegishli «SQB Capital» Zomindagi mehmonxonasini 175 mlrd so‘mga auksionda sotgan edi.
Sotilgan mehmonxona hududida «Wyndham» mehmonxonalar tarmog‘ining «Wyndham Gardens Zomin» mehmonxonasi faoliyat olib boradi.
Sal avval Zomindagi mashhur osma ko‘prik auksioni bo‘lib o‘tgandi. Biroq, xaridor yo‘qligi sabab auksion muvaffaqiyatli amalga oshmadi. Osma ko‘prik «Turonbank»ka tegishli bo‘lib, bank uni 150 mlrd so‘mga sotmoqchi edi.

2025 yil oxiridan boshlab O‘zbekistondagi davlat banklariga tegishli bir qancha turizm ob’ektlari va mehmonxonalar «e-auksion» platformasida auksionga chiqarilmoqda.
«Asakabank»ning «Asaka Capital Invest» kompaniyasiga tegishli Shahrizabz tumani, Miraki qishlog‘ida joylashgan mehmonxona — «Miraki Eco Village» auksionga qo‘yildi.

Kimoshdi savdosi 22-yanvar kuni bo‘lib o‘tadi. Boshlang‘ich narx qilib, 236,5 mlrd so‘m belgilangan. Ob’ektning umumiy yer maydoni 2,5 gekarga yaqin.
«SQB»ning «SQB Capital» kompaniyasi yana bir turizm ob’ekti uchun auksion o‘tkazmoqda.

Shahrisabzdagi «Miraki Town Plaza» mehmonxonasi 231,8 mlrd so‘m narx bilan sotuvga chiqarilgan.
Bu yerdagi mehmonxona «Miraki Resorts» brendi ostida faoliyat olib bormoqda. Uning umumiy yer maydoni 2,6 gekarga yaqin. Kimoshdi savdosi ertaga, 9-yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.
«Milliy bank»ka tegishli «NBU Invest Group» «Zomin Ropeway»dagi 100 foiz ulushini 215 mlrd so‘mga sotuvga qo‘ygan. Kimoshdi savdosi ertaga, 9-yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.

«Zomin Ropeway» — bu Zomindagi mashhur dor yo‘liga egalik qiluvchi kompaniya. Uni 30 foiz boshlang‘ich to‘lov bilan qolgan 70 foizini «Milliy bank»ning o‘zidan 5 yilgacha kredit olgan holda xarid qilish mumkin.
9-yanvar kuni «Wyndham» mehmonxonalari tarmog‘iga qarashli yana bir brend — «Tryp by Wyndham» faoliyat olib boruvchi mehmonxona auksioni bo‘lib o‘tadi. Boshlang‘ich narxi qilib, 173,5 mlrd so‘m belgilangan.

Bu mehmonxona «Asakabank» tomonidan kimoshdi savdosiga chiqarilmoqda. obyekt uchun 30-dekabr kuni ham auksion bo‘lib o‘tgandi. Biroq, xaridor topilmagan.
«Milliy bank» Mirakidagi dor yo‘lini ham 158,2 mlrd so‘mga auksionga qo‘ygan. Bu yerda ham potensial xaridor uchun 30 foiz boshlang‘ich to‘lov qilinganda qolgan 70 foizini «Miliy bank» krediti orqali 5 yilgacha to‘lash imkoniyati berilmoqda.

Mirakidagi dor yo‘li «Miraki Ropeway» kompaniyasiniki bo‘lib, auksion 9-yanvar kuni o‘tkaziladi.
«Asakabank» Bo‘stonliqda joylashgan «Salom Chimyon« MCHJni 142,4 mlrd so‘mga auksionga qo‘ygan. Bino hududida avtoturargoh, restoran, bolalar maydonchasi va savdo majmuasi joylashgan.

Kimoshdi savdosi 14-yanvar kuni bo‘lib o‘tadi. Ob’ektning umumiy maydoni 12 400 kv metrdan oshiq.
Yana bir davlat banki — «Aloqabank» Xivadagi mehmonxonani auksionga chiqardi. Kimoshdi savdosi 9-yanvar kuni o‘tkaziladi.

Boshlang‘ich narx 112,2 mlrd so‘m qilib belgilangan. obyekt umumiy maydoni 5 700 kv metrga yaqin.
«Mikrokreditbank» ham Xivada joylashgan «Arda Turan» mehmonxonasini 84,1 mlrd so‘mga auksionga chiqardi.

Ikki qavatdan iborat, 256 o‘ringa mo‘ljallangan mehmonxona umumiy 4100 kv metrdan ortiq maydonga ega. Auksion 9-yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.
9-yanvarda «SQB» Mirakidagi yana bir mehmonxona uchun auksion o‘tkazadi. Boshlang‘ich narx 83,8 mlrd so‘m qilib belgilangan.




