
Davlat organi aybi bilan yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya mansabdor shaxsning o‘zidan undiriladi
17.06.2025 | 12:0033063
Oliy Majlis deputatlari davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari tomonidan yetkazilgan zararlarni qoplash tartibini belgilaydigan qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi. Bu fuqarolarning konstitutsion huquqlarini amalga oshirishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida davlat organlari yoki ular mansabdor shaxslarining noqonuniy qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi natijasida fuqarolarga yetkazilgan zararni qoplash mexanizmini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi va qabul qilindi.
Konstitutsiyaning 55-moddasiga ko‘ra, har bir fuqaro davlat organlarining noqonuniy harakatlari ustidan sudga murojaat qilish va yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar uchun davlat hisobidan kompensatsiya olish huquqiga ega. Biroq bu jarayon amalda yagona qonun hujjati bilan tartibga solinmagan edi.
Yangi qonun loyihasida sud orqali tasdiqlangan zararlar uchun kompensatsiyani maxsus hududiy kompensatsiya jamg‘armasi orqali to‘lash mexanizmi joriy etiladi. Eng muhimi, davlat mablag‘lari hisobidan to‘langan summa keyinchalik aybdor mansabdor shaxsdan regress tartibida undirilishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, loyihada kompensatsiya jamg‘armalarini shakllantirish, boshqarish va ulardan foydalanish tartiblari aniq belgilab berilmoqda. Bunda davlat xizmatchilari faoliyati ustidan samarali nazorat o‘rnatish, fuqarolarning huquqlarini himoya qilish va davlat organlarining mas’uliyatini oshirish maqsad qilingan.
Deputatlar muhokama davomida qonun loyihasining dolzarbligi va amaliy ahamiyatiga urg‘u berdi. Ular tomonidan bir qator takliflar va aniqlashtiruvchi savollar berildi, tashabbuskorlar esa ushbu hujjat konstitutsion kafolatlarni amalda ta’minlashga xizmat qilishini qayd etdi.





