add

Davlat xaridlarida yangi qoidalar: raqobat 80 foiz, tejamkorlik 25 trln so‘m

Kecha 07:562 daqiqa

Prezident farmoni asosida davlat xaridlari tizimi tubdan yangilanmoqda: yangi mexanizmlar, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun imtiyozlar va milliardlab so‘m tejamkorlik rejalari muhokama qilindi.

Davlat xaridlarida yangi qoidalar: raqobat 80 foiz, tejamkorlik 25 trln so‘m

26-yanvar kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi tashabbusi bilan davlat xaridlari tizimini takomillashtirishga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda elektron xarid tizimi operatorlari, davlat buyurtmachilari, yirik davlat korxonalari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Prezidentning 2025 yil 26-dekabrda qabul qilingan «Davlat xaridlari tizimida raqobat muhiti va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 259-sonli Farmoni mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi. Muloqotda vazir o‘rinbosari Gulnora Raximova va departament boshlig‘i Sarvar Nazarov ishtirok etdi.

Ta’kidlanishicha, mazkur Farmon tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotlar davomida bildirilgan taklif va tashabbuslar asosida ishlab chiqilgan.

 

Yangi mexanizmlar

Farmon davlat xaridlarida ochiqlik va raqobatni keskin oshirishni maqsad qilgan. Rejaga ko‘ra, bosqichma-bosqich raqobatli xaridlar ulushi 80 foizga, iqtisod qilingan mablag‘lar hajmi 25 trln so‘mga yetkazilishi kutilmoqda. Shuningdek, xaridlarda mahalliy mahsulotlar ulushi kamida 85 foiz bo‘lishi belgilangan.

Yangiliklardan biri — xaridlarda «taklif so‘rovi» deb nomlangan yangi raqobatli usulning joriy etilishi. Davlat buyurtmachilarining xarid rejalari e’lon qilingach, ma’lumotlar mahalliy ishlab chiqaruvchilarga elektron tarzda avtomatik yetkaziladi.

Bundan tashqari, mahalliylashtirish darajasi 30 foizdan yuqori bo‘lgan korxonalarga avans to‘lovlarini shu ko‘rsatkichdan kelib chiqib amalga oshirishga ruxsat beriladi.

 

Kutilayotgan samara

Farmon doirasida budjet buyurtmachilari va mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida mahalliy auksion savdolarini tashkil etish tartibi ham joriy etiladi. Bu qaror mahalliy biznes uchun xarid jarayonlarida ishtirok etish imkoniyatini kengaytirishi kutilmoqda.

Mutaxassislar fikricha, yangi qoidalar budjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirish, xarid jarayonlarida inson omilini kamaytirish va shaffoflikni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Ochiq muloqot yakunida ishtirokchilar tomonidan Farmonning amaliy ijrosi, yangi mexanizmlarni joriy etish va tizim samaradorligini oshirish bo‘yicha savollar muhokama qilindi va rasmiy izohlar berildi.

Teglar

Mavzuga oid