add

Davolanish uchun O‘zbekistonga kelgan xorijliklar soni 86 mingdan oshdi

26.01.2026 | 20:071 daqiqa

2025 yilda mamlakatga tibbiy turizm oqimi o‘sib, qaysi davlatlardan davolanishga kelganlar soni ko‘pligi ma’lum bo‘ldi.

Davolanish uchun O‘zbekistonga kelgan xorijliklar soni 86 mingdan oshdi

2025 yil davomida O‘zbekistonga davolanish maqsadida kelgan xorijiy fuqarolar soni 86 199 nafarni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi rasmiy ma’lumotlarida keltirilgan.

Qo‘shni davlatlar hissasi

Statistikaga ko‘ra, davolanish uchun O‘zbekistonga kelgan xorijiy fuqarolarning katta qismi qo‘shni davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Jumladan, Tojikistondan 59 145 nafar fuqaro tibbiy xizmatlardan foydalanish maqsadida mamlakatga kirib kelgan. Bu umumiy oqimning mutlaq ko‘pchiligini tashkil etadi.

Ikkinchi o‘rinda Qirg‘iziston joylashib, ushbu davlatdan 15 631 nafar bemor O‘zbekistonda davolangan. Qozog‘istondan kelganlar soni esa 8 224 nafarni tashkil etgan. Shu jumladan, Afg‘onistondan 914 nafar va Turkmanistondan 224 nafar fuqaro O‘zbekiston tibbiy muassasalarida davolangan.

Boshqa mamlakatlar ulushi

Qo‘shni mamlakatlardan tashqari, boshqa davlatlardan ham davolanish uchun keluvchilar qayd etilgan. Xususan, Rossiyadan 1 899 nafar fuqaro O‘zbekiston tibbiy muassasalariga murojaat qilgan.

Shu bilan birga, Turkiyadan 47 nafar, AQSHdan 16 nafar, Xitoydan 15 nafar va Ozarbayjondan 11 nafar fuqaro davolanish maqsadida kelgan. Boshqa davlatlar hissasiga jami 73 nafar to‘g‘ri kelgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilning yanvar–noyabr oylarida O‘zbekistonga davolanish maqsadida jami 80 ming 653 nafar xorijiy fuqaro tashrif buyurgani haqida xabar bergandik.

Teglar

Mavzuga oid