
Deputatlar Toshkentda issiq suv va issiqlik tariflari qimmatlashishini ma’qulladi
25.08.2025 | 08:0033183
Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi «Veolia Energy Tashkent» kompaniyasi taklifini ma’qullab, issiq suv va issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun tariflarni oshirishga rozilik berdi.

Yangi tariflar aholi, yuridik shaxslar va byudjet tashkilotlari uchun turlicha miqdorda qimmatlashadi.
Aholi uchun xizmatlar narxi 15 foizga ko‘tarilib, QQSsiz 121 617 so‘mdan 139 860 so‘m/Gkalga yetkaziladi. Yuridik shaxslar uchun tarif 40 foizga oshib, 342 296 so‘m/Gkalga chiqishi belgilangan. Byudjet tashkilotlari uchun esa 18,8 foizlik o‘sish ko‘zda tutilgan. Bazaviy tarif ham 7 foizga ko‘tarilib, 711 641 so‘m/Gkalga oshadi.
Yangi narxlarning qachon amalga kirishi hali aniq emas. «Veolia Energy Tashkent» 1 oktyabrdan tariflarni joriy qilishni taklif qilgan. Bu qaror shahar hokimi Shavkat Umurzoqov imzosidan keyin 15 kun ichida kuchga kirishi kutilmoqda.
Kompaniya direktori Sevara Pardayevaning aytishicha, hozir aholi tarifning atigi 18 foizini to‘laydi, qolgani shahar byudjeti hisobidan qoplanmoqda. Hukumat 2030 yilgacha subsidiyalarni bosqichma-bosqich bekor qilishni rejalashtirmoqda.
Pardayevaning ta’kidlashicha, tariflar oshirilmasa keyingi yillarda yanada katta miqdorda qimmatlashtirishga to‘g‘ri keladi. Uning fikricha, kelgusi besh yilda barcha xarajatlarni to‘liq iste’molchilar qoplashi kerak bo‘ladi.
Poytaxt byudjeti ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda umumiy xarajatlarning qariyb uchdan biri issiqlik ta’minoti korxonalarining yo‘qotishlarini qoplashga yo‘naltiriladi. Faqatgina 2024 yilning o‘zida subsidiyalar uchun 1,97 trln so‘m ajratilgan bo‘lib, bu 2023 yilga nisbatan qariyb chorakka ko‘p





