add

«Discombobulator»: AQSHning askarlarni qon qustiradigan «maxfiy qurol»i bormi?

26.01.2026 | 20:444 daqiqa

AQSH prezidenti Donald Tramp «discombobulator» deb atagan «ovozli qurol» haqida gapirdi. Ayrimlar Maduro o‘g‘irlanishida qo‘llangan sirli texnologiya mahsuli inson ongi va texnikani izdan chiqara olashi haqida aytyapti.

«Discombobulator»: AQSHning askarlarni qon qustiradigan «maxfiy qurol»i bormi?

Venesuela mudofaa vaziri AQSHni 3-yanvar kuni prezident Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresni o‘g‘irlash jarayonida mamlakatni «qurollar laboratoriyasi»ga aylantirganlikda aybladi.

Vladimir Padrino Lopes o‘tgan hafta AQSH Venesuelada sun’iy intellektga asoslangan va avval hech qachon ishlatilmagan ilg‘or harbiy texnologiyalarni sinovdan o‘tkazganini aytdi. Bu haqda Venesuelaning El Universal gazetasi xabar berdi.

Kecha, 25-yanvar kuni AQSH prezidenti Donald Tramp New York Post nashriga AQSH kuchlari haqiqatdan ham u «discombobulator» deb atagan quroldan foydalanganini aytdi.

«Menga bu haqda gapirishga ruxsat berilganman. Mazkur qurol uskunalar ishlamay qolishiga olib kelgan», - dedi u.

Maduroni o‘g‘irlash bo‘yicha AQSH harbiy operatsiyasi tafsilotlari oshkor qilinmagan. Ammo AQSH avval ham askarlar va qo‘riqchilarni chalg‘itish yoki infratuzilma va uskunalarni ishdan chiqarish uchun turli qurollardan foydalangani ma’lum. 

Venesuela mudofaa vaziri nima dedi?

16-yanvar kuni Padrino Lopes AQSH hujumi paytida Karakasta 47 nafar venesuelalik askar halok bo‘lganini aytdi. Maduroni qo‘riqlayotgan 32 nafar kubalik askar ham halok bo‘lgan. O‘tgan hafta u «qurollar laboratoriyasi» ayblovini bildirdi va El Universal nashriga shunday dedi:

«AQSH prezidenti jang maydonlarida hech qachon qo‘llanilmagan, dunyoda hech kimda bo‘lmagan qurollar ishlatilganini tan oldi. Ular 2026 yil 3-yanvar kuni bu texnologiyani Venesuela xalqqa qarshi qo‘lladi», - dedi u.

Lopes Trampning NewsNation telekanaliga bergan intervyusiga ishora qildi. U yerda Tramp «ovozli qurol» ishlatilganini aytgan edi. 

Tramp «maxfiy qurollar» haqida nima dedi?

Maduro o‘g‘irlab ketilganidan keyin bir necha kun o‘tib, Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitt X (sobiq Twitter) tarmog‘ida venesuelalik qo‘riqchining yozuvini qayta joylashtirdi.

«AQSH nimanidir ishga tushirdi, bu juda kuchli ovoz to‘lqiniga o‘xshardi. Boshim ichkaridan portlayotgandek bo‘ldi. Hammamiz burnimizdan qon kela boshladi. Ba’zilar qon qusdi. Yerga yiqildik va harakat qila olmadik», - deya yozgan edi qo‘riqchi.

Al Jazeera bu guvohlikni mustaqil ravishda tasdiqlay olmagan. NewsNation intervyusida Tramp «ovozli qurol» Maduroni qo‘riqlayotgan kubalik muhofizlarga qarshi ishlatilganini aytdi.

«Boshqa hech kimda bu yo‘q. Bizda hech kim bilmaydigan qurollar bor. Bu haqda gapirmagan ma’qul. Bu ajoyib hujum edi. Uy qo‘rg‘on va harbiy baza o‘rtasida joylashgan edi», - dedi u.

25-yanvar kuni New York Post nashriga uskunalarni ishdan chiqarish uchun mo‘ljallangan qurol qo‘llanganini aytdi.

«Discombobulator. Bu haqda gapirishga ruxsat etilmagan», - dedi Tramp. 

AQSH ilgari qanday «ovozli» yoki izdan chiqaruvchi qurollardan foydalangan?

Eng mashhur «ovozli» tizimlar — bu LRAD (Long Range Acoustic Device) deb ataladigan akustik qurilmalar. Ular kemalarni to‘xtatish, bazalarni qo‘riqlash, karvonlarni muhofaza qilish, nazorat punktlari va ommani tarqatishda ishlatiladi. Yuqori quvvatda ular og‘riq, aylanish, qusish va eshitish qobiliyatiga zarar yetkazishi mumkin. Biroq ular texnika va aloqa tizimlarini ishdan chiqara olmaydi.

Yana bir vosita — Active Denial System (ADS). U ovoz emas, millimetr to‘lqinlar orqali terida kuchli issiqlik hissini keltirib chiqaradi. Bu qurol odamlarga ta’sir qiladi, uskunalarga emas. 

AQSH uskunalarni qanday ishdan chiqaradi?

Mutaxassis Eliya Magniyerning aytishicha, AQSH quyidagi nokinetik vositalardan foydalanadi:

·        Elektron urush (EW): radarlarni, GPS va aloqani izdan chiqaradi

·        Kiber-hujumlar: Stuxnet misoli (Eron yadro dasturiga qarshi)

·        Mikroto‘lqinli qurollar (CHAMP) — elektronikani o‘chiradi

·        Grafitli bombalar — elektr tarmoqlarini qisqa tutashtirish orqali ishdan chiqaradi 

Bu qurollar qayerda qo‘llangan?

·        1991 yil Iroq urushi — birinchi ommaviy sinov

·        2009 yil Eronda Stuxnet

·        2017 yil Afg‘onistonda MOAB bombasi

·        Serbiya (1999), Iroq (2003) — elektr tarmoqlariga grafit qurollar

·        AQSH boshqa davlatlarda yangi qurollarni sinovdan o‘tkazganmi?

«Ha. Barcha yirik davlatlar urushlarni yangi texnologiyalar uchun real sinov maydoni sifatida qo‘llaydi», - dedi Magniyer.

Uning aytishicha, AQSH Isroil bilan hamkorlikda Falastin, Livan va Eronga qarshi turli qurollarni sinovdan o‘tkazgan. Shu bilan birga, AQSH Kubada diplomatlariga qarshi «ovozli hujum» bo‘lganini ham da’vo qilgan. 

«Discombobulator» nima degani?

«Discombobulator» degan aniq ilmiy ta’rifga ega qurol mavjud emas. Bu siyosiy atama bo‘lib, mavjud nokinetik texnologiyalarning umumiy nomi bo‘lishi mumkin. U quyidagilarni anglatishi mumkin:

·        Kiber tarmoqlarni ishdan chiqarish

·        Antenna va sensorlarga aniq zarbalar

·        Elektr ta’minotini uzish

Mutaxassislarga ko‘ra, «ovozli qurol» uskunalarni ishdan chiqara olmaydi. Agar odamlarda og‘ir alomatlar bo‘lgan bo‘lsa, bu portlash to‘lqini, shok-granatalar yoki boshqa chalg‘ituvchi vositalar natijasi bo‘lishi mumkin.

«Yangi qurol borligi haqida hech qanday ochiq dalil yo‘q», - deya xulosa qildi Magniyer. 

Teglar

Mavzuga oid