
Dmitriy Medvedev KXDR iqtisodiyotini Rossiyaga namuna sifatida ko‘rsatdi
Rossiyaning sobiq prezidenti sanksiyalar ostida qolgan KXDR iqtisodiy mobilizatsiyasi va mudofaa salohiyatini «o‘rnak» deb atadi.

Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Koreya Xalq Demokratik Respublikasi iqtisodiy modelini Rossiya uchun o‘rnak sifatida baholadi. U TASS, «Reuters» va «Wargonzo»ga bergan intervyusida KXDR cheklangan resurslar va qattiq xalqaro blokada sharoitida ham mudofaa sanoatini barpo etishga erishganini ta’kidladi.
Medvedevga ko‘ra, Pyongyang qisqa muddatda iqtisodiy imkoniyatlarni samarali safarbar qilish mexanizmini yaratgan. Ushbu yondashuv milliy xavfsizlikni ta’minlash nuqtai nazaridan ahamiyatli ekani aytildi. Rossiya rasmiysi bunday tajriba «hurmatga loyiq» ekanini alohida urg‘uladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, KXDR iqtisodiyoti sanksiyalar va tashqi bosimga qaramasdan ishlab chiqarishni harbiy ehtiyojlarga yo‘naltira olgan.
Raqamlar va real holat
Biroq ochiq ma’lumotlar KXDR iqtisodiy ahvoli juda nochor ekanini ko‘rsatadi. Mamlakatning real yalpi ichki mahsuloti taxminan 26,7 mlrd dollarga baholanadi. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIM esa 1,1 ming dollar atrofida. Bu Janubiy Koreya ko‘rsatkichlarining atigi 3–4 foizini tashkil etadi.
KXDR tarixida og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy inqirozlar ham bo‘lgan. 1990-yillar oxiridagi ocharchilik turli baholarga ko‘ra 3 mln nafargacha inson hayotiga zomin bo‘lgan. 2020–2023 yillarda pandemiya va yopiq chegaralar fonida mamlakat yana oziq-ovqat tanqisligiga duch kelgan.
O‘sish va qattiq nazorat
So‘nggi yillarda iqtisodiy ko‘rsatkichlarda ma’lum tiklanish kuzatildi. Janubiy Koreya Markaziy banki baholashicha, 2023–2024 yillarda KXDR iqtisodiyoti mos ravishda 3,1 va 3,7 foizga o‘sgan. Bu 2016 yildan beri eng yuqori sur’atlar hisoblanadi.
Tahlilchilar bu o‘sishni Rossiya bilan savdo va harbiy-sanoat hamkorligining faollashuvi bilan bog‘lamoqda. Biroq iqtisodiy barqarorlik fonida inson huquqlari sohasida vaziyat keskinlashmoqda. BMT Inson huquqlari boshqarmasi hisobotiga ko‘ra, mamlakatda qatag‘onlar, majburiy mehnat va o‘lim jazosi qo‘llanilishi kengaygan. Komissar Volker Turk vaziyat yanada og‘irlashishi mumkinligidan ogohlantirgan.





