
Dollar 2026 yil boshida o‘sishga o‘tdi
2026 yil boshida AQSH dollari so‘nggi sakkiz yildagi eng katta yillik pasayishdan keyin mustahkamlanib, bozorlar FZT siyosatiga ta’sir qiluvchi muhim ma’lumotlarni kutmoqda.

2026 yilning ilk savdo kunlarida AQSH dollari ko‘plab asosiy valyutalarga nisbatan qimmatlashdi. Reuters xabariga ko‘ra, bu harakat 2025 yilda dollar indeksi 9 foizdan ortiq pasayganidan keyin kuzatilmoqda — bu 2017 yildan beri eng kuchli yillik tushish bo‘ldi, deb yozmoqda Reuters.
Tahlilchilar dollardagi o‘tgan yilgi zaiflashuvni AQSH va boshqa yirik iqtisodiyotlar o‘rtasida foiz stavkalari farqining qisqarishi, budjet holatiga doir xavotirlar, global savdo ziddiyatlari hamda Federal zaxira tizimi mustaqilligiga oid xavflar bilan izohlamoqda. Ushbu omillar 2026 yilda ham dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Investorlar diqqati endi kelasi hafta e’lon qilinadigan iqtisodiy ma’lumotlarga qaratilgan. Ayniqsa, juma kuni e’lon qilinadigan mehnat bozori hisoboti FZTning keyingi qadamlarini belgilab berishi mumkin. Hozircha bozorlar 2026 yil davomida ikki marta foiz stavkasi pasaytirilishini narxlarga kiritgan, holbuki FZT rahbariyatining o‘zi borasida yagona fikr mavjud emas.
Monex USA savdo direktori Xuan Peresning ta’kidlashicha, AQSHdagi uzoq davom etgan hukumat faoliyati to‘xtab qolishi iqtisodiy ma’lumotlarni yig‘ish va baholashga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Shu sababli, bozorlar yaqin oylarda keladigan raqamlarga alohida ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda.
Juma kuni dollar indeksi 0,24 foizga o‘sib, 98,48 punktga yetdi. Yevro esa 0,25 foizga arzonlab, 1,1716 dollar atrofida savdo qilindi. Yevrozonada ishlab chiqarish faolligi dekabr oyida so‘nggi to‘qqiz oydagi eng past darajaga tushgani ma’lum qilindi. Shu bilan birga, yevro 2025 yil yakunlarida 13 foizdan ortiq o‘sib, 2017 yildan beri eng yaxshi yillik natijani qayd etgan edi.
Funt sterling ham 0,18 foizga pasayib, 1,3445 dollarga tushdi. Biroq u ham o‘tgan yili 7,7 foiz o‘sishni ko‘rsatgan. Bozor ishtirokchilari shu bilan birga AQSH prezidenti Donald Trampning FZTga yangi rahbar tayinlashi masalasini diqqat bilan kuzatmoqda. Amaldagi rahbar Jerom Pauellning vakolati may oyida yakunlanadi.
Tramp FZTning yangi rahbarini yaqin oylarda e’lon qilishini bildirgan. Investorlar orasida u stavkalarni yanada faol pasaytirish tarafdori bo‘lgan nomzodni tanlashi mumkin degan kutilmalar bor. Goldman Sachs tahlilchilari ham FZT mustaqilligiga doir xavotirlar 2026 yilda saqlanib qolishini ta’kidlab, pul-kredit siyosati bo‘yicha xatarlarni «yumshoq» ssenariy tomon og‘ishli deb baholamoqda.
Yapon iyenasi esa istisno sifatida qolmoqda. valuta dollarga nisbatan 0,16 foizga zaiflashib, 156,91 darajasiga tushdi va 10 oylik minimumga yaqin qolmoqda. Bu holat Yaponiya hukumati va Markaziy bankining ehtimoliy intervensiyasi haqidagi taxminlarni kuchaytirdi.





