
Dollar hamon hukmron: jahon valuta operatsiyalarining 88 foizi unga to‘g‘ri keladi
Yangi tadqiqotlar dollar ishtirokisiz global valuta bozorini tasavvur etish deyarli imkonsizligini ko‘rsatmoqda.

Jahon valuta bozorida amalga oshirilayotgan operatsiyalarning 88 foizida AQSH dollari ishtirok etadi. Bu ko‘rsatkich dollar hanuz global moliya tizimining markazida ekanini tasdiqlaydi. OANDA va Visual Capitalist o‘rtasida o‘tkazilgan qo‘shma tadqiqotga ko‘ra, dollar bilan eng faol savdo qilinadigan valuta — yevro hisoblanadi.
FX Volume Survey natijalariga asosan, EUR/USD juftligi kunlik o‘rtacha 135,3 mlrd dollarlik aylanma bilan mutlaq yetakchi bo‘lib qolmoqda. Bu AQSH va yevrozona o‘rtasidagi savdo, investitsiya va moliyaviy bog‘liqlik yuqori darajada ekanini ko‘rsatadi.
Ikkinchi o‘rinda yapon iyenasi joy olgan — USD/JPY juftligi bo‘yicha kunlik savdo hajmi 92,7 mlrd dollarga teng. Uchinchi o‘rinni esa Kanada dollari egallab, USD/CAD operatsiyalari 52,9 mlrd dollarlik kunlik aylanmani tashkil etgan.
Eng faol valuta juftliklari
Dollar bilan savdo qilinadigan valutalar orasidagi yetakchi o‘nlik quyidagicha shakllangan:
Yevro — 135,3 mlrd dollar
Yapon iyenasi — 92,7 mlrd dollar
Kanada dollari — 52,9 mlrd dollar
Britaniya funti — 43,9 mlrd dollar
Avstraliya dollari — 36,3 mlrd dollar
Meksika pesosi — 27,4 mlrd dollar
Shveysariya franki — 18,4 mlrd dollar
Hongkong dollari — 15,4 mlrd dollar
Singapur dollari — 14,4 mlrd dollar
Xitoy yuani — 11,0 mlrd dollar
Ushbu ro‘yxatdan ko‘rinib turibdiki, dollar atrofida shakllangan savdo asosan rivojlangan va yirik savdo sheriklariga ega iqtisodiyotlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Nomutanosiblik va sabablar
Tadqiqotda ikki jihat alohida e’tiborni tortadi. Birinchidan, Meksika pesosi savdo hajmi bo‘yicha shveysariya frankini ortda qoldirib, hatto Xitoy yuanidan qariyb uch barobar yuqori ko‘rsatkich qayd etgan. Bu AQSH kompaniyalarining ishlab chiqarishni Xitoydan Meksikaga ko‘chirishi — «niarshoring» jarayoni bilan bog‘liq.
Ikkinchidan, dunyoda ikkinchi yirik iqtisodiyot hisoblangan Xitoyning yuani dollar bilan savdoda nisbatan past o‘rinda qolmoqda. Mutaxassislar bu holatni Pekin tomonidan amalga oshirilayotgan qat’iy valuta nazorati va kapital harakatining cheklangani bilan izohlaydi.
Natijada dollarga muqobil tizimlar muhokama qilinsa-da, amalda global valyut bozori hali ham AQSH valutasiga tayanayotgani aniq ko‘rinib turibdi.





