
Dollarga ishonch pasaymoqda: XVJ aktivlar shok-ssenariysini ko‘rib chiqmoqda
XVJ dollar aktivlari keskin sotuvga uchrashi mumkin bo‘lgan ssenariylarni baholamoqda. Dollar ulushi jahon valutalari zaxirasida uzoq muddatli pasayish trendida. Agar 2001 yilda bu ko‘rsatkich 72 foiz bo‘lgan bo‘lsa, hozir u 57 foizdan pastga tushgan.

Xalqaro valuta tizimida keskin o‘zgarishlar ehtimoli tobora jiddiy baholanmoqda. Xalqaro valuta jamg‘armasi bosh direktori Kristalina Georgiyeva XVJ dollarda nominallangan aktivlar bo‘yicha tezkor sotuvlar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ssenariylarni modellashtirayotganini ma’lum qildi, deb yozmoqda «Euractiv».
Georgiyevaning ta’kidlashicha, jamg‘arma moliya bozorlarida «tasavvur qilib bo‘lmas» holatlar yuz berganda qanday chora ko‘rish mumkinligini oldindan baholash qobiliyatini kuchaytirmoqda.
«Fondda biz «aql bovar qilmas» voqealar ssenariylarni farazan modellashtirish va so‘ngra uni bartaraf qilish uchun qanday chora-tadbirlar ishlab chiqish qobiliyatini rivojlantirmoqdamiz», — dedi Georgiyeva XVJ dollar aktivlari atrofidagi ehtimoliy sarosima haqidagi savolga javob berar ekan.
Bu yondashuv XVJning global moliyaviy barqarorlikni ta’minlashdagi an’anaviy rolini yanada kengaytirib, favqulodda xavflarga tayyorgarlik darajasini oshirishga qaratilgan.
Bozordagi xavotirlar
XVJ bayonotlari AQSH atrofidagi iqtisodiy va siyosiy noaniqliklar kuchaygan bir paytda yangradi. Ayniqsa, savdo tariflarining kengayishi va Federal zaxira tizimi mustaqilligiga nisbatan tanqidlar investorlarni bezovta qilmoqda. Donald Tramp 2025 yil yanvarda Oq uyga qaytganidan so‘ng dollar kursining pasayishi tezlashdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dollar asosiy valutalar savatiga nisbatan 9 foizdan ortiq arzonlashdi, yevro qarshida esa yo‘qotishlar 12 foizga yaqinlashdi. Bu jarayon dollarga «xavfsiz aktiv» sifatidagi ishonchni zaiflashtirib, investorlarni oltinga yo‘naltirdi. Oltin narxi 1 troya unsiya uchun 5100 dollargacha ko‘tarilib, tarixiy rekordni yangiladi.
Yevropa uchun signal
XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, dollar ulushi jahon valutalari zaxirasida uzoq muddatli pasayish trendida. Agar 2001 yilda bu ko‘rsatkich 72 foiz bo‘lgan bo‘lsa, hozir u 57 foizdan pastga tushgan. Qo‘shimcha bosimni BRICS davlatlarining dollarlashuvdan qutilishga qaratilgan tashabbuslari ham kuchaytirmoqda.
Georgiyeva Yevropa Ittifoqiga qo‘shma qarz majburiyatlarini faolroq chiqarishni tavsiya qildi. Uning fikricha, bu investorlar uchun AQSH g‘aznachilik obligatsiyalari va oltinga muqobil bo‘lgan «yevropacha xavfsiz aktiv»ni yaratadi. Shu bilan birga, u dollarning jahon rezerv valutasi sifatidagi maqomi yaqin kelajakda tubdan o‘zgarishi ehtimoli pastligini ham tan oldi.





