
Donald Tramp Shavkat Mirziyoyevga tashakkur bildirdi
23.09.2025 | 08:007074
Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasi Boeing aviasozlik kompaniyasi bilan 8 mlrd dollarlik bitimi imzoladi

AQSH Prezidenti Donald Tramp “Truth” ijtimoiy tarmog‘ida O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan suhbati va yangi aviatsiya shartnomasi haqida ma’lum qildi.
«Shu oy boshida men O‘zbekistonning Hurmatli Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan suhbatlashdim. Bugun esa Prezident Mirziyoyevni Boeing bilan KATTA bitim imzolagani bilan tabriklamoqchiman! 8 milliard dollardan ortiq qiymatga ega ushbu kelishuvga ko‘ra, Uzbekistan Airways 22 ta 787 Dreamliner samolyotini sotib oladi. Bu esa Qo‘shma Shtatlarda 35 mingdan ortiq ish o‘rinlarini yaratadi. Prezident Mirziyoyev o‘z so‘ziga sodiq inson va biz yana ko‘plab masalalarda birgalikda ishlashda davom etamiz! Ushbu masalaga e’tibor berganingiz uchun rahmat», deb yozdi Tramp.Uzbekistan Airways matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bitim 14 ta Boeing 787-9 samolyotini xarid qilish va yana 8 ta laynerni opsion tarzida olishni nazarda tutadi. Yetkazib berishlar 2031 yildan boshlanadi. Aviakompaniyaning asosiy maqsadi — Toshkentni mintaqaviy tranzit habi sifatida rivojlantirish. Boeing 787-9 modeli yuqori aerodinamika, kompozit korpus va zamonaviy dvigatellari bilan yoqilg‘i sarfini sezilarli tejash va SO₂ chiqindilarini kamaytirish imkonini beradi. Shuningdek, Dreamliner yo‘lovchilar uchun qulaylik darajasi bilan mashhur: pastroq «kabina bosimi», optimal namlik va havo harorati uzoq parvozlarni yengilroq o‘tkazishga yordam beradi. Katta illyuminatorlar, LED yoritish tizimi va tinch salon orqali yo‘lovchilarning salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Modelda ko‘proq o‘rin mavjudligi esa uzoq masofali yo‘nalishlarda samaradorlikni oshirish imkonini beradi. Aviamutasaddilar fikricha, ushbu laynerlar Toshkent aeroportida tranzit markazini shakllantirishda hal qiluvchi ustunlikka ega. Uzbekistan Airways ushbu kelishuv orqali nafaqat milliy parkni zamonaviylashtirib oladi, balki global aviatsiya bozorida raqobatbardoshlikni kuchaytiradi.





