
Donald Trampning Ukraina bo‘yicha bayonotlari — asosiy gaplar
Oq uyda chiqish qilar ekan AQSH prezidenti hozircha Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari muhokama ham qilinmaganini ta’kidladi.

AQSH prezidenti Donald Tramp Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlariga oid aniq tafsilotlar hali muhokama qilinmaganini, ammo AQSH ularda «zaxira» sifatida ishtirok etishini ma’lum qildi. Bu haqda u Oval kabinetda jurnalistlar qarshisida aytdi.
Amerika prezidenti Ukrainadagi mojaro alal-oqibat yakunlanishiga ishonch bildirdi, garchi uni hal qilish o‘zi kutgandan ko‘ra murakkabroq chiqqan bo‘lsa-da.
«U yerda shaxsiy ziddiyatlar juda katta ekan. Bunday hollar ham bo‘lib turadi», — dedi Tramp.
Ukrainaga harbiy yordam haqida
Kiyevni qo‘llab-quvvatlash masalasida Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni «eng buyuk savdogar» deb atadi.
«Bilasizmi, Bayden bu yerda bo‘lganida Ukrainaga 350 mlrd dollar ajratdi. Men Zelenskiyni men hayotimda uchratgan eng katta savdogar dedim. U mamlakatimizga kelganida har gal 50 mlrd dollar bilan ketardi. Bir kuni 100 mlrd dollar bilan ketgan kun ham bo‘lgan va jami olgan pullari 350 mlrddan oshgan», — dedi Tramp.
AQSH prezidentining aytishicha, hozir AQSH Ukrainaga pul ajratmayapti, biroq NATOga qurol sotmoqda.
«Men Ukrainadan pul ishlashni xohlamayman — mojaro tugashini xohlayman. Shunchaki tushunib qo‘ying: biz endi bu ishda pul xarjlamayapmiz», — dedi u.
Tramp shuningdek, ayrim NATO a’zolari uni «Yevropa prezidenti» deb atashini qo‘shimcha qildi, chunki u yevropaliklarning mudofaa xarajatlarini oshirishga muvaffaq bo‘lgan.
«Siz NATO misolida ko‘rdisiz, ular xarajatlarni 2 foizdan 5 foizgacha ko‘tarishga rozi bo‘lishdi, xarajatlar to‘liq qoplandi, trillionlab dollar to‘landi va endi ular sizning prezidentingizni hurmat qiladi», — dedi u.
Rossiya bilan yadroviy arsenallarni qisqartirish muzokaralari haqida
Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Alyaskaga tashrifini Ukraina bo‘yicha natijaga erishish niyatining muhim belgisi sifatida baholadi va vizitni «juda muvaffaqiyatli» deb atadi.
«Biz raketalar, yadroviy qurol va ko‘plab boshqa narsalar haqida, uni cheklash haqida ham gaplashdik», — dedi Tramp.
U qo‘shimcha qilishicha, Vashington bu masalaga Xitoyni ham jalb qilmoqchi.
«Bizda eng ko‘p yadroviy qurol bor, Rossiya ikkinchi o‘rinda, Xitoy esa uchinchi o‘rinda, ammo Xitoy bizdan juda orqada. Biroq ular besh yil ichida bizga yetib oladi. Biz dunyoni yadroviy qurollardan xoli qilishni xohlaymiz», — dedi u.
Putin haqida
AQSH prezidenti so‘nggi haftada Putin bilan suhbatlashganini va ularning har bir muloqoti «yaxshi» bo‘lishini aytdi.
Avvalroq Tramp Vashington xavf ostida bo‘lishi mumkinligini, ammo Putin bilan o‘zaro tushunish hisobiga bu xavfdan qochishga muvaffaq bo‘lganini aytgan edi. Ularning uchrashuvi 15 avgust kuni Alyaskada «uchga uch» formatida o‘tdi va 2 soat 45 daqiqa davom etdi. Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov muzokaralar yakunida Tramp endilikda mojaroni hal etish uchun uning tub sabablarini yo‘qotish zarurligini tushunganini qayd etdi.
Putin va Zelenskiyning ehtimoliy uchrashuvi haqida
Trampning aytishicha, Putin Zelenskiy bilan uchrashishga tayyor emas, chunki u Ukraina prezidentini yoqtirmaydi.
«Menga ham yo‘qmaydigan odamlar bor, ular bilan uchrashishni istamayman, — dedi u. — Ular chindan ham bir-birini yoqtirishmaydi».
25 avgust kuni Zelenskiy Ukraina hukumati hafta yakunida amerikalik hamkasblar bilan Moskva va Kiyev muzokaralari imkoniyatini muhokama qilish uchun uchrashishini aytdi.
Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov esa Rossiya Zelenskiyni de-fakto «rejim rahbari» sifatida tan olishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva unga shu maqomda uchrashishga tayyor. Lavrov ta’kidlashicha, Rossiya prezidenti Zelenskiy bilan uchrashishga tayyor, faqat agar u yerda «prezidentlik kun tartibi» muhokama qilinsa. Shu bilan birga, Lavrov hozir Zelenskiyni hech qanday yuridik hujjat imzolash huquqiga ega emas, deb hisoblashini ta’kidlagan.





