
Dubayda dunyodagi ilk «tilla ko‘cha» qurilishi rejalashtirilmoqda
Yangi loyiha Dubayning jahon oltin bozoridagi mavqeini mustahkamlab, sayyohlar va xaridorlar oqimini oshirishga qaratilgan.

BAAning Dubay shahrida dunyoda ilk bor to‘liq tilla bilan qoplangan ko‘cha barpo etilishi mumkin. Ushbu loyiha yangi tashkil etiladigan zargarlik mavzesining markaziy qismi bo‘lishi rejalashtirilmoqda va mahalliy sanoatni rivojlantirish hamda xorijiy sayyohlarni jalb etishni maqsad qilgan.
Tashabbus kiritgan kompaniya
Tashabbus mahalliy developerlik kompaniyasi «Ithra Dubai» tomonidan ilgari surilgan. Loyiha doirasida ko‘cha infratuzilmasi, binolar fasadlari va jamoat hududlarida tilla elementlaridan foydalanish ko‘zda tutilmoqda. Loyihaning aniq texnik va moliyaviy ko‘rsatkichlari hozircha ochiqlanmagan bo‘lib, ular keyingi bosqichlarda e’lon qilinishi kutilmoqda.
Dubay festivallari va chakana savdo boshqarmasi bosh direktori Ahmad al-Hajjaga ko‘ra, tilla amirlik madaniyati va savdosining ajralmas qismi hisoblanadi. Uning ta’kidlashicha, yangi loyiha tarixiy an’analarga hurmat ramzi bo‘lish bilan birga, ijodkorlik va barqaror rivojlanishga asoslangan zamonaviy yondashuvni ham ifoda etadi.
Zargarlik hududida qanday mahsulotlar sotiladi?
Mahalliy nashrlar ma’lumotlariga ko‘ra, yangi zargarlik hududida mingdan ortiq do‘kon joylashadi. Bu yerda tilla va qimmatbaho zargarlik buyumlari bilan bir qatorda, atir-upa hamda kosmetika mahsulotlari ham sotiladi. Shuningdek, hududda oltita yangi mehmonxona qurilishi rejalashtirilgan.
Yangi kvartal Dubayning eng qadimiy an’anaviy bozorlaridan biri bo‘lgan Tilla bozori yaqinida joylashadi. Bu holat hududning turistik salohiyatini yanada oshirishi mumkin.
Mutaxassislar qayd etishicha, jahondagi oltin aylanmasining taxminan 20–25 foizi aynan Dubay orqali amalga oshiriladi. Amirlik oltinni asosan xomashyo shaklida import qilib, uni qayta ishlaydi va tayyor mahsulot sifatida eksport qiladi. Dunyodagi eng og‘ir tilla uzuk ham aynan Dubayda saqlanadi.





