
Dunyodagi eng aholisi zich shahar aniqlandi: Unda 42 mln kishi yashaydi
Global reytinglarni tubdan o‘zgartirayotgan BMTning yangilangan uslubi shahar, qishloq va shahar atrofi hududlarini yanada aniq demografik va geokenglik mezonlari bilan belgilovchi tizimga asoslangan.

Indoneziya poytaxti Jakarta dunyoda eng zich aholiga ega megapolis sifatida BMT reytingida birinchi o‘rinni egalladi. The Guardian nashrining yozishicha, yangi tadqiqotda shaharda 42 million kishi istiqomat qilayotgani qayd etilgan. BMTning yangilangan uslubi shahar, qishloq va shahar atrofi hududlarini yanada aniq demografik va geokenglik mezonlari bilan belgilovchi tizimga asoslangan bo‘lib, natijalar avvalgi reytinglardan ancha farq qilmoqda.
Reytingda ikkinchi o‘rinni Bangladesh poytaxti Dakka 37 million aholi bilan egallagan. Uchinchi o‘rinda esa Yaponiyaning Tokio shahri — 33 million aholi. Birinchi beshlikka shuningdek Hindiston poytaxti Nyu Dehli va Xitoyning Shanghay megapolisi kirdi. Mutaxassislar fikricha, megapolislar ulushi oshishi demografik bosim, infratuzilma yuki va shahar kengayishi bo‘yicha yangi masalalarni kun tartibiga olib chiqmoqda.
BMT hisobotiga ko‘ra, 1950 yilda yer sharida 2,5 mlrdga yaqin kishi shaharlarda yashagan bo‘lsa, bugungi kunda sayyoramiz aholisining deyarli yarmi shahar muhitida istiqomat qilmoqda. Iqtisodiy imkoniyatlar, ish o‘rinlari va infratuzilmaga yaqinlik jahon bo‘ylab urbanizatsiya jarayonini tezlashtirmoqda. 1975 yildan 2025 yilgacha megapolislar soni 8 tadan 33 tagacha oshgani urbanizatsiya sur’atlarining qay darajada yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Tahlilchilar yangi metodikaning muhim tomoni shundaki, u mamlakatlar qo‘llaydigan milliy mezonlardan mustaqil hisoblanadi va shaharlashuvni yagona global standartda baholash imkonini beradi. Bu esa kelgusida megapolislar rivoji, infratuzilma rejalashtirish va aholi konsentratsiyasi bo‘yicha xalqaro siyosatda muhim o‘rin tutishi kutilmoqda.





