Durov «Telegram» sekinlashtirilishi ortidan Rossiyani Eronga taqqosladi

Kecha 08:382 daqiqa

Telegram asoschisi Pavel Durov Rossiyada messenjer cheklanishi ortida fuqarolarni davlat nazoratidagi «MAX» ilovasiga o‘tkazish urinishi turganini aytdi.

Durov «Telegram» sekinlashtirilishi ortidan Rossiyani Eronga taqqosladi

 

 

«Telegram» messenjeri asoschisi Pavel Durov Rossiya hukumatining messenjer ishini cheklash harakatlarini ochiq tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, rasmiylar «Telegram»ni sekinlashtirish orqali rossiyaliklarni davlat nazoratidagi «MAX» ilovasidan foydalanishga majburlashga urinayotgan ssenariyni qo‘llayapti.

«Rossiya o‘z fuqarolarini kuzatuv va siyosiy senzura uchun yaratilgan davlat nazoratidagi ilovadan foydalanishga majburlash uchun «Telegram»ga kirishni cheklamoqda. 8 yil avval Eron ham xuddi shuni qilgan va muvaffaqiyatsizlikka uchragan», — deb yozdi Durov o‘zining Telegram kanalida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron «Telegram»ni «sun’iy bahonalar» bilan taqiqlab, aholini davlatga qarashli muqobil ilovalarga o‘tkazishga harakat qilgan. Ammo bu reja ishlamagan va eronliklar blokirovkaga qaramay «Telegram»dan foydalanishda davom etgan.

 

Rossiyada cheklovlar kuchaymoqda

RBK manbalariga ko‘ra, 10-fevral kuni Rossiya hududida «Telegram»ning «qisman cheklanishi» boshlangan. Bir kun avval — 9-fevraldan e’tiboran mamlakatning o‘nlab hududlarida foydalanuvchilar messenjer ishida jiddiy uzilishlar haqida shikoyat qila boshladi.

Muammolar, asosan, xabar yuborish, rasm va videolarni yuklash bilan bog‘liq bo‘lgan. Bu holat «Telegram»ga nisbatan texnik cheklovlar bosqichma-bosqich kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, rasmiylar cheklovlarning aniq sabablari haqida ochiq bayonot bermagan. Biroq davlat idoralari tomonidan «qonunchilik talablari» va «axborot xavfsizligi» mavzulari tez-tez tilga olinayotgani kuzatilmoqda.

 

«MAX» messenjeri va maxfiylik xavflari

«Telegram» atrofidagi vaziyat fonida Rossiya hukumat idoralari «MAX» davlat messenjerini faol targ‘ib qilmoqda. Davlat dumasi deputati Andrey Svinsov «Ostorojno, Novosti»ga bergan intervyusida, olti oy ichida «Telegram»ni to‘liq bloklash masalasi hal qilinishi mumkinligini aytdi. U kompaniyani «Rossiya qonunlariga hurmatsizlik» va soliq to‘lamaslikda aybladi.

Biroq mutaxassislar «MAX»ning xavfsizligiga jiddiy shubha bilan qaramoqda. «Internetni himoya qilish jamiyati» direktori Mixail Klimarev ta’kidlashicha, «MAX» maxfiylik siyosati foydalanuvchi ma’lumotlarini kuch tuzilmalariga uzatish imkonini beradi.

«GitHub» mutaxassislari tahliliga ko‘ra, ilova tizim jarayonlari, geolokatsiya, audio va videoni yozish kabi keng huquqlarga ega. Durov esa bunday yondashuvni «erkinlikka tahdid» deb atab, «Telegram» so‘z erkinligi va shaxsiy hayot daxlsizligini himoya qilishda davom etishini bildirdi.

Teglar

Mavzuga oid