
Dushanbeda elektr samokat va skuterlar taqiqlandi
08.10.2025 | 12:3037793
Shahar hokimiyati 2030 yilgacha elektr samokat va skuterlarda yo‘l hamda trotuarlarda harakatlanishni taqiqlab, faqat maxsus hududlarda foydalanishga ruxsat berdi.

Tojikiston poytaxti hududida elektr samokatlar, elektron skuterlar va boshqa shaxsiy elektr transport vositalarida harakatlanish 2030 yilgacha taqiqlandi. Bu haqda Dushanbe shahar xalq deputatlari majlisida qaror qilindi. Cheklov yo‘llar, trotuarlar va piyodalar o‘tish joylariga taalluqli bo‘lib, faqat maxsus ajratilgan hududlarda harakatlanishga ruxsat beriladi.
Qaror Tojikiston poytaxtida bu turdagi transport vositalari bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining ko‘payishi fonida qabul qilindi. Dushanbeda elektr samokatlar va skuterlar ishtirokida 2025 yil boshidan buyon 26 ta YTH sodir bo‘lgan, uch kishi halok bo‘lgan, yana 24 nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olgan.
Dushanbe Ichki ishlar vazirligi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, taqiq samokat va skuterlardan tartibsiz foydalanishni cheklash, piyodalar xavfsizligini ta’minlash hamda yo‘l harakatidagi oqimni barqarorlashtirishga qaratilgan.
Ma’lumot uchun, 2024 yil dekabr oyida Tojikiston hukumati elektr skuter va samokatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni majburiy etib belgilagan edi. Endi faqat rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan transport vositalari uchun maxsus yo‘laklarda harakatlanish imkoni saqlanib qoladi.
Mutaxassislar fikricha, cheklovlar shahar xavfsizligi va yo‘l harakati madaniyatini oshirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ham 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab moped va skuterlarni boshqarish uchun majburiy davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va «A» toifali haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lish talab qilinadi.





