Ebola virusi xavfiga qaramay, AQSH Kongo jamoasining mundialda ishtirok etishini tasdiqladi

Bugun 12:552 daqiqa

Kongo Demokratik Respublikasi 2026 yilgi Jahon chempionatida «K» guruhidan joy olgan va guruh bosqichida O‘zbekiston, Kolumbiya, Portugaliyaga qarshi bahs olib boradi.

Ebola virusi xavfiga qaramay, AQSH Kongo jamoasining mundialda ishtirok etishini tasdiqladi © sports.yahoo.com

AQSH hukumati Ebola virusi tarqalishi sabab joriy etilgan cheklovlarga qaramay, Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoasining 2026 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etishiga ruxsat berishini tasdiqladi. Bu haqda «Al Jazeera» nashri AQSH Davlat departamenti ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

AQSHda Ebola xavfi tufayli so‘nggi 21 kun ichida Kongo Demokratik Respublikasi, Uganda va Janubiy Sudan hududida bo‘lgan chet el fuqarolarining mamlakatga kirishi vaqtincha taqiqlangan. Ammo ushbu cheklov Kongo milliy terma jamoasi uchun istisno tartibida qo‘llanmaydi.

Maxsus tibbiy nazorat choralari ko‘riladi

AQSH rasmiylarining ta’kidlashicha, kongolik futbolchilar hozirda Yevropada mashg‘ulot o‘tkazayotgani sababli, ular amalda ushbu taqiq doirasiga tushmasligi mumkin. Shu bilan birga, agar jamoa a’zolari oxirgi 21 kun davomida Kongo hududida bo‘lgan bo‘lsa, ular uchun maxsus tibbiy nazorat choralari joriy etiladi. Bu jarayon test topshirish va izolyatsiya talablarini o‘z ichiga oladi.

Rasmiylar mazkur yengillik faqat futbolchilar va rasmiy delegatsiya a’zolariga tegishli ekanini bildirgan. Kongolik oddiy muxlislar uchun esa mamlakatga kirish bo‘yicha cheklovlar o‘z kuchida qolmoqda.

Virus yuqtirganlar soni

Sog‘liqni saqlash idoralari ma’lumotiga ko‘ra, 19-may holatida Kongo Demokratik Respublikasida Ebola virusi bilan kasallanganlar soni 513 nafardan oshgan. Virus oqibatida 131 kishi vafot etgan.

Ma’lumot uchun, Kongo Demokratik Respublikasi 2026 yilgi Jahon chempionatida «K» guruhidan joy olgan. Jamoa guruh bosqichida O‘zbekiston, Kolumbiya va Portugaliyaga qarshi bahs olib boradi. Kongoliklarning mundialdagi ilk uchrashuvi 17-iyun kuni Texasda Portugaliyaga qarshi bo‘lib o‘tadi.

Teglar

Mavzuga oid