Ebola virusini yuqtirgan bemorlar qochib ketmoqda

Bugun 19:452 daqiqa

Shifoxonaga hujumlar oqibatida qon ketishi kuzatilayotgan va ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lgan bir bemor qochishga urinish paytida vafot etgan.

Ebola virusini yuqtirgan bemorlar qochib ketmoqda

Kongo Demokratik Respublikasining Mongbvalu shahrida Ebola virusiga chalinganlar saqlanayotgan mobil gospitaldan kamida 25 bemor qochib ketgani ma’lum qilindi.

Qochib ketishning asosiy sababi

«Reuters» ma’lum qilishicha, qochish holatlari ikki bosqichda sodir bo‘lgan. Dastlab 23-may kuni mahalliy aholi qarindoshlarining jasadlari o‘zlariga berilmayotganidan norozi bo‘lib, Mongbvalu shahridagi mobil gospitalga o‘t qo‘ygan. Shu paytda 18 nafar bemor shifoxonadan chiqib ketgan.

Qochib ketgan bemorlardan kamida bittasida Ebola virusi aniqlangani ma’lum qilindi. Bu esa infeksiyaning yanada keng tarqalishi xavfini kuchaytirmoqda. Qon ketishi kuzatilgan va ahvoli og‘ir bo‘lgan bir bemor esa qochishga uringan vaqtda vafot etgan.

24-may kuni shifoxonaga yana bir hujum urinishi sodir bo‘lgan. Yangi tartibsizliklar vaqtida yana yetti nafar bemor qochib ketgan. Mahalliy hokimiyat va tibbiyot xodimlari bemorlarni qidirish hamda epidemiyani nazorat qilish choralarini kuchaytirgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda Ebola bilan kasallanganlikda gumon qilinayotganlar soni 900 nafardan oshgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotiga ko‘ra, virus qurbonlari soni 220 nafarga yetgan. Epidemiya asosan Ituri provinsiyasida tarqalgan bo‘lsa-da, Shimoliy va Janubiy Kivu hududlarida ham kasallanish holatlari qayd etilmoqda.

Favqulodda vaziyat, ammo pandemiya emas

Avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti «X» ijtimoiy tarmog‘ida Kongo va Ugandadagi «Bundibugyo ebolavirus» keltirib chiqargan Ebola epidemiyasi munosabati bilan xalqaro ahamiyatga ega favqulodda sog‘liqni saqlash holati e’lon qilinganini ma’lum qilgan.
Tashkilot bayonotida shunday deyiladi:

«JSST bosh direktori ishtirokchi davlatlar bilan maslahatlashuvlardan so‘ng, Bundibudjio virusi keltirib chiqargan Ebola isitmasi Kongo demokratik respublikasi va Ugandada xalqaro xavf tug‘diruvchi jamoat salomatligi sohasidagi favqulodda vaziyat ekanini belgilaydi. Biroq u pandemiya darajasidagi favqulodda holat mezonlariga to‘liq javob bermaydi».

Teglar

Mavzuga oid