«Ehtiyot choralarini ko‘ring»: Toshkentda kuchli shamol sabab havo sifati yomonlashishi mumkin

Shamol tezligi ba’zi joylarda 15 m/s gacha kuchayishi, ayrim hududlarda esa qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq bo‘lishi kutilmoqda.

«Ehtiyot choralarini ko‘ring»: Toshkentda kuchli shamol sabab havo sifati yomonlashishi mumkin

Ertaga, 27-may kuni Toshkent shahri havosida PM10-mayda dispersli chang zarrachalari konsentratsiyasi qisqa muddatga oshishi va chang-to‘zon hodisalari kuzatilishi mumkin. Bu haqda Maxsus komissiya Jahon meteorologiya tashkilotining Pekin va Saudiya Arabistonidagi regional markazlari hamda «O‘zgidromet» prognozlariga tayanib ogohlantirdi.

Qayd etilishicha, chang soatlari g‘arbdan nam havo oqimlari kirib kelishi oldidan kuzatiladi. Kun davomida ob-havo o‘zgaruvchan bo‘lib, shamol tezligi ba’zi joylarda 15 m/s gacha kuchayishi, ayrim hududlarda esa qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq bo‘lishi kutilmoqda.

Maxsus komissiyaning ta’kidlashicha, ushbu hodisa vaqtinchalik xususiyatga ega bo‘lib, kirib keluvchi nam havo va yog‘ingarchilik hisobiga Toshkent havosi qayta tozalanadi. Joriy bahorda kuzatilayotgan seryog‘in ob-havo sababli oxirgi vaqtlarda poytaxt havosining sifati me’yor chegarasida saqlanib turgan edi.

Surunkali kasalligi borlar uchun tibbiy tavsiyalar


Atmosferada chang miqdori ortishi kutilayotgani sababli, mutaxassislar nafas yo‘llari, allergiya hamda yurak-qon tomir tizimi kasalliklari mavjud bo‘lgan fuqarolarga alohida ehtiyot choralarini ko‘rishni tavsiya qilmoqda.

Bunday ob-havo sharoitida zarurat bo‘lmasa, tashqarida uzoq vaqt qolmaslik, xonadonlarda deraza va eshiklarni yopiq saqlash hamda ko‘chaga chiqqanda tibbiy niqoblardan foydalanish so‘ralgan. Hozirda komissiya tomonidan shahar havosining holati doimiy nazorat qilib borilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid