
Ekofaol Greta Tunberg Isroildan deportatsiya qilindi
10.06.2025 | 19:3015243
Shvetsiyalik ekologik faol Greta Tunberg 10 iyun kuni Isroil hududidan rasman deportatsiya qilindi. Isroil Tashqi ishlar vazirligi u samolyotda Fransiyaga yo‘l olgan paytdagi suratni e’lon qildi. U yerdan Tunberg o‘z mamlakati — Shvetsiyaga qaytishi kutilmoqda.
Tunberg va yana 11 nafar faol «Madlin» nomli yaxtada G‘azo sektori sohiliga yaqinlashishga uringan. Biroq kema Isroil harbiylari tomonidan to‘xtatildi. Rasmiy Tel Avivga ko‘ra, G‘azo atrofi dengiz hududi xalqaro huquqqa muvofiq tarzda yopiq e’lon qilingan va bunday urinishlar qonunga zid hisoblanadi.
Greta Tunberg 2018 yilda Shvetsiya parlamenti oldida iqlim o‘zgarishiga qarshi namoyishlari orqali jahon miqyosida tanilgan. 2019 yilda BMTning iqlim sammitida notiqlik qilgan va Time jurnali tomonidan «Yil odami» deb tan olingan. U to‘rt marta Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod bo‘lgan.
E’tiborli jihati shundaki, Tunberg avvallari samolyotda uchishdan prinsipial ravishda bosh tortgan. 2019 yilda Nyu Yorkdagi sammitga Atlantika okeani orqali parusli yaxtada yetib borgan edi. Shu bois, bu gal uning aviaqatnov orqali yurtini tark etishi alohida e’tiborga sazovor.
Avvalroq Turkiya vitse-prezidenti Javdat Yilmaz xalqaro suvlarda Isroil tomonidan humanitar yuk tashuvchi «Madlen» kemasining ushlanishini keskin qoralagani xabar qilingan edi. U bu harakatni insonparvarlik qonunlariga zid deb baholadi va jahon hamjamiyatini javob choralari ko‘rishga chaqirdi.





