
Ekologiya inspektori «Oramizdagi qahramon» deb e’tirof etildi
Buvayda tumanida ekologik nazorat bo‘yicha xizmat vazifasini bajargan inspektor Ahrorjon Niyozov «Yuksalish» harakati tomonidan 2025 yilning «Oramizdagi qahramoni» deb e’tirof etildi.

Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida ekologik nazorat jarayonida o‘z xizmat burchini ado etgan Ekologiya qo‘mitasi inspektori Ahrorjon Niyozov jamoatchilik va mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi. U qonuniy tekshiruv o‘tkazish maqsadida holat joyiga yetib borgani uchun «Oramizdagi qahramoni» sifatida e’tirof etildi.

Ma’lumot uchun, Ekologiya qo‘mitasi inspektori Axrorjon Niyozov aholi murojaati asosida holat joyiga borib, noqonuniy daraxt kesilishini aniqlagan va holatni rasmiylashtirmoqchi bo‘lgan.
Ammo uning qonuniy faoliyatiga tuman hokimi o‘rinbosari Sayidjon Xidirov tomonidan zo‘ravonlik yo‘li bilan qarshilik qilingan. Guvohlarning aytishicha, vazifasini bajarayotgan inspektor avval asossiz kaltaklangan, keyin esa milliy gvardiya va IIB xodimlari yordamida kuch bilan hududdan olib chiqilib, tuman ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan.
Reyd davomida tumanning Nayman MFY hududidagi zovur atrofida noqonuniy daraxt kesish holati tasdiqlangan. 26 to‘p kam qimmatli daraxtning qonunga xilof ravishda kesilgani aniqlangan. Unga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bo‘yicha bayonnoma tuzilib, 10,3 million so‘m jarima hamda 45,8 million so‘mlik atrof-muhitga yetkazilgan zarar hisoblab chiqilgan.
Ahrorjon Niyozovning xizmat burchiga sidqidildan yondashgani va qonuniy nazoratni amalga oshirishda prinsipiallik ko‘rsatgani uchun u «Yuksalish» harakati tomonidan «Oramizdagi qahramon» sifatida taqdirlandi.





