
Ekoreydlar avjida: 50 ta qurilish obektida ishlar to‘xtatildi
Toshkentda ekologik talablarga amal qilmagan 50 ga yaqin qurilish ob’ektida ishlar vaqtinchalik to‘xtatildi.

Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi shahar ekologik muhitini yaxshilash maqsadida qurilish ob’ektlarida doimiy reydlar o‘tkazmoqda.
Ko‘plab qurilish kompaniyalari hududlarni namlab turish uchun maxsus texnika va suv purkovchi uskunalardan foydalanmoqda. Bu choralar changning havoga ko‘tarilishini kamaytirishga xizmat qiladi. Biroq olib borilgan tekshiruvlar barcha ob’ektlar talablarga to‘liq amal qilayotganini ko‘rsatmadi.
Reydlar natijasida 289 ta rasmiy yozma ko‘rsatma berildi. Ekologik qoidalarni qo‘pol ravishda buzgan 50 ga yaqin qurilish ob’ektida ishlar vaqtinchalik to‘xtatildi. Inspeksiya bu harakatlarning maqsadi qurilish sohasida ekologik madaniyatni oshirish va aholi uchun toza havoni ta’minlash ekanini ma’lum qildi.
Mas’ul idora nazorat tadbirlari yanada kuchaytirilgan tartibda davom etishini bildirdi. Qurilish tashkilotlariga belgilangan ekologik talablarga qat’iy rioya qilish muhimligi yana bir bor eslatildi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida qurilish jarayonlarida havo ifloslanishiga sabab bo‘ladigan omillarni oldini olish va bartaraf etish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nazorat tashkilotlaridan 232 nafar xodim jalb etilgan.





