add

«El-yurt umidi» stipendiantlari: bali yetmagan talabalar apellyatsiyaga berishgani ma’lum bo‘ldi

30.08.2025 | 14:0048138

Kuni kecha «El-yurt umidi» jamg‘armasi g‘oliblari e’lon qilindi: ballar masalasida tushunmovchiliklar bor» sarlavhasi ostida jurnalist Mahliyo Hamidovaning maqolasi e’lon qilindi.

«El-yurt umidi» stipendiantlari: bali yetmagan talabalar apellyatsiyaga berishgani ma’lum bo‘ldi
Maqolada «El-yurt umidi» jamg‘armasining ta’lim dasturlari bo‘yicha 2025 yilgi 1-ochiq stipendiya tanlovi natijalari e’lon qilinganidan so‘ng, yakuniy sovrindorlar ro‘yxati bilan solishtirilgan. G‘oliblar orasida dastlabki e’lon qilingan ochiq suhbat natijalari bo‘yicha yetarli ball olmagan bo‘lsa-da, «stipendiat» deb e’lon qilinganlari aniqlangan. Jurnalist qizimiz shunday talabalardan kamda 4 nafarini aniqlagan. Ya’ni, ochiq tanlov natijalariга ko‘ra ichida stipendiya ajratilishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha «El-yurt umidi» jamg‘armasining 2025 yil 1-ochiq stipendiya tanlovi suhbat jarayonida nomzodlarni bilimini baholash uslubiyoti va qoidalariga muvofiq yetarli 61 ball to‘play olmagan talabalar yakuniy stipendiyachilar ro‘yxatidan o‘rin olgan. Muxbirimiz bu holning sababiga aniqlik kiritish uchun «El-yurt umidi» jamg‘armasiga qo‘ng‘iroq qilgan, biroq bog‘lana olmagan. Keyinroq jamg‘arma matbuot xizmati o‘zaro yozishmada hamma stepandiantlarni taqdirlash va bayramoldi tadbirlari bilan band bo‘lgani bilan tushuntirgan. Maqolada tilga olingan, dastlab yetarli ball to‘play olmagan talabalar (G‘aybullayev Shomurod Olimovich, Tojiboyev Rashid Sobir o‘g‘li, Axmadov Shamshodbek Vahobjon o‘g‘li, Kidirbayeva Aynura Rashid qizi) apellyatsiyaga ariza topshirib, ularning arizasi qanoatlantirilib, Prezident stipendiyasi sovrindori bo‘lish uchun yetarli ball berilgani ma’lum bo‘ldi. (Lekin bu haqida rasmiy ma’lumot hech qayerda yo‘q. Biz bu ma’lumotlarni talabalarning o‘zidan, og‘zaki tarzda eshityapmiz). Qolaversa, talaba topshirgan universitet jahonda top-100 talikka kirgan bo‘lsa, unga suhbatdan o‘tkazilmasdan stipendiya ajratish belgilangan. Aslida, «El-yurt umidi» jamg‘armasi shunchaki 173 nafar g‘olibning ro‘yxatiни keltirmasdan, har bir g‘olibning to‘plagan bali, qaysi xorijiy universitetga o‘qishga jo‘nashi, suhbatsiz stipendiya ajratilgan, apellyatsiya arizalari qanoatlantirilgan talabalarni ham alohida ko‘rsatib o‘tganida, hech qanday tushunmovchiliklar va qo‘shimcha savollar yuzaga kelmasdi. Maqolada nomi tilga olingan talabalar va ularning ota-onalari «nega aniqlik kiritmasdan yozyapsizlar,», deya e’tiroz bildirmoqda. Aniqlik qanday kiritiladi? Bu talabalarning har birini qanday topamiz? Talabalar hozircha mashhur inson emas, ularga bitta-bitta bog‘lanish uchun ma’lumotlar jamg‘arma saytida ham yo‘q. Qandaydir ma’lumotni faqat jamg‘arma taqdim etishi mumkin. (Garchi ular shaxsiy ma’lumotlarni oshkor qilmaymiz, deya tushuntirishgan bo‘lsa-da). Biz tush ko‘ribmizmi apellyatsiya o‘tganiyu, ballar ko‘tarib berilganini? Mana shunday holatlar uchun jamg‘arma matbuot xizmati doim aloqaga va savollarga tayyor bo‘lib turishi kerak-da. Hech bo‘lmasa, saytda e’lon qilinayotgan ozgina, yuzaki ma’lumotlarni ham savol qoldirmasdan taqdim etish mumkin edi-ku? Jamg‘arma matbuot xizmati rahbari Elvina Mustafina «Zakovat» musobaqalarida zehnini charxlagani yaxshi, lekin jamg‘arma faoliyatidagi har bir voqea, yangilik yuzasidan press-reliz tarqatishi ham kerak-da. (Holbuki, saytning press-reliz bo‘limida 2022 yildan buyon birorta narsa joylashtirilmagan). Saytning ko‘plab bo‘limlari, ruscha va inglizcha versiyalari ham o‘lda-jo‘lda. Boshqa tillarda ham o‘zbekcha xabarlar chiqib yotibdi. Biz jamg‘arma to‘g‘ri ishlayotganiga shubha qilmaymiz. Ammo ma’lumotlar yashirilsa, savollardan qochilsa ana shunday noxush shubha-gumonlar tug‘ilaveradi. Biz esa yozaveramiz, savollarimizni beraveramiz. Chunki jamg‘armaga mablag‘lar davlat byudjetidan ajratilmoqda. So‘rashga to‘liq haqimiz bor. P.S. Jamg‘armaning jamoatchilikdan yopiqligi tufayli biz bexabar qolib, apellyatsiyaga berib stipendiant bo‘lgan talabalarga qandaydir noqulaylik keltirib chiqargan bo‘lsak, ulardan, ularning ota-onalari va yaqinlaridan uzr so‘raymiz. Aslo ularning bilimlarini shubha ostiga olish niyatimiz bo‘lmagan. Ular doxil bu yil sovrindor bo‘lgan barcha 173 nafar umidli talabalarimizning o‘qishlariga muvaffaqiyatlar tilab qolamiz. Shuhrat Shokirjonov, Vaqt.uz bosh muharriri.

Teglar

Mavzuga oid