add

Elektron sigaretalar aylanmasi uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirildi

28.11.2025 | 11:252891 daqiqa

Yangi qonunga muvofiq, elektron sigaretalarni tayyorlash yoki aylantirish bilan bog‘liq harakatlar ko‘p miqdorda yoki qayta sodir etilsa, 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.

Elektron sigaretalar aylanmasi uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirildi

O‘zbekistonda elektron sigaretalar va nikotin yetkazib berish elektron tizimlari aylanmasi bo‘yicha javobgarlik kuchaytirildi. 27-noyabrda qabul qilingan O‘RQ–1098-sonli Qonun bilan Jinoyat kodeksi, shuningdek, alkogol va tamaki mahsulotlariga oid qonunchilikka bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, mamlakatda muomalasi taqiqlangan tamaki mahsulotlari va elektron sigareta turidagi nikotinli qurilmalarni tayyorlash, olish, saqlash, tashish, o‘tkazish, ishlab chiqarish yoki O‘zbekistonga olib kirish hamda undan olib chiqish ko‘p miqdorda sodir etilsa yoki bunday qonunbuzarlik uchun avval ma’muriy jazo qo‘llanilgan bo‘lsa, aybdorga BHMning 300 baravaridan 500 baravarigacha jarima, yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash, yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Shu bilan birga, qonun bir muhim imtiyozni ham belgilaydi: agar shaxs aybini tan olib, hokimiyat organlariga murojaat qilsa va muomalasi taqiqlangan mahsulotlarni ixtiyoriy ravishda topshirsa, u javobgarlikdan ozod etiladi. Bu normaning maqsadi yashirin aylanmani kamaytirish va huquqbuzarliklarni erta bosqichda oldini olishdan iborat.

Yangi o‘zgartishlar bilan «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida»gi Qonunga ham to‘ldirishlar kiritildi. Ularga muvofiq, elektron sigaretalar va ular uchun mo‘ljallangan suyuqliklarning aylanishiga oid yanada qat’iy cheklovlar o‘rnatildi.

Teglar

Mavzuga oid