
Endi ehtiyojmandlar yil bo‘yi kommunal kompensatsiya olish mumkin
06.06.2025 | 20:2014592
1 iyundan e’tiboran ehtiyojmand oilalar uchun gaz va elektr energiyasi bo‘yicha kompensatsiya olish uchun arizalar qabul qilinmoqda. Yangi tizimga ko‘ra, to‘lovlar faqat qish mavsumi emas, balki yilning har oyida amalga oshiriladi.

2025 yil 1 maydan boshlab O‘zbekistonda ehtiyojmand qatlam uchun kommunal xizmatlar xarajatini qisman qoplash mexanizmi yangicha tartibda amalga oshirila boshladi. Bundan buyon kompensatsiyalar yil bo‘yi davomiy ravishda to‘lab beriladi.
Mazkur imtiyozdan ijtimoiy himoya yagona reyestri va kambag‘al oilalar reyestiriga kiritilgan, shuningdek, mol-mulki kam va har bir a’zoga to‘g‘ri keladigan daromadi 1 mln so‘mdan kam bo‘lgan oilalar foydalanishi mumkin. Reyestrga kirmagan oilalarning ham ariza topshirib, to‘lovdan bahramand bo‘lish imkoniyati bor.
2024–2025 yilgi isitish mavsumida umumiy 313,6 mlrd so‘mlik kompensatsiya to‘langan bo‘lsa, 2025 yilda bu summa 1,33 trln so‘mga yetkazilishi mo‘ljallangan. Bu esa nafaqat qishda, balki yilning har oyida ko‘mak ko‘rsatish imkonini yaratadi.
Kompensatsiya dasturi aholi ehtiyojlarini qoplash va kam ta’minlanganlarga ko‘mak berish maqsadida bosqichma-bosqich kengaytirilmoqda.





