
Endi haydovchilar mehnat rejimini buzsa jarima to‘laydi
09.09.2025 | 10:4030914
Senat haydovchilarning mehnat va dam olish rejimiga rioya etmagani uchun bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 7 baravariga teng jarimani joriy etuvchi qonun loyihasini ma’qulladi.

Qonunga ko‘ra, xalqaro va shaharlararo avtomobil tashuvlarida ish vaqti me’yorlariga amal qilmagan haydovchilarga jarima solinadi. Bu tashish xavfsizligini ta’minlash, yo‘lovchi va yuk tashish sifatini oshirish maqsadida kiritilmoqda.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov ma’lum qilishicha, haydovchilar ish vaqti 9 soatdan ortiq bo‘lgan yoki masofasi 400 kmdan ziyod yo‘llarda qatnasa, ularning mehnat va dam olish rejimi Transport nazorati inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi. Avtobuslardagi taxograf qurilmalari ma’lumotlari asosida ham nazorat kuchaytiriladi.
Respublikaning 2024 yildagi yo‘l-transport holatiga ko‘ra, jami 9364 ta YTH sodir etilgan, ularning 3045 tasi yuk va yo‘lovchi tashuvchi avtomobillar ishtirokida ro‘y bergan. Mehnat rejimi buzilishi oqibatida haydovchilar uxlab qolishi sababli 351 ta yo‘l hodisasi sodir etilgan, 189 kishi halok bo‘lgan va 285 kishi jarohatlangan.
Qonun loyihasiga ko‘ra, tashish xavfsizligi qoidalarini buzgan mansabdor shaxslar va xizmatchilarga BHMning 10 baravari miqdorida jarima belgilanadi. Shuningdek, yo‘lovchilarni chiptasiz tashish yoki tashuvchining majburiy sug‘urta shartlarini buzishi uchun ham aniq jarima miqdorlari belgilanmoqda.
Shu bilan birga, «Transport to‘g‘risida», «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida» hamda «Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi qonunlarga ham tegishli o‘zgarishlar kiritiladi.
Avvalroq Angrendagi sement tashuvchi yuk avtomobili haydovchisi nazoratni yo‘qotishi oqibatida yo‘lda to‘xtab turgan ikki yuk avtomobili va beshta yengil transport vositasi bilan to‘qnashgan va7 kishining umriga zomin bo‘lgani haqida xabar bergan edik.





