add

Endi mahallalar bo‘sh davlat binolarini sotib, o‘z byudjetiga mablag‘ yo‘naltira oladi

14.10.2025 | 15:3048553

Mahallalarga ishsizlikni qisqartirish, infratuzilmani yaxshilash va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yangi moliyaviy va huquqiy imkoniyatlar beriladi.

Endi mahallalar bo‘sh davlat binolarini sotib, o‘z byudjetiga mablag‘ yo‘naltira oladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda mahallalarda ijtimoiy barqarorlik va iqtisodiy faollikni oshirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar muhokama qilindi. Yangi tartibga ko‘ra, mahallalarga 2 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan bo‘sh davlat binolarini auksionga chiqarish vakolati berildi. Masalan, Samarqanddagi Shodlik mahallasi 1,5 ming kvadrat metrli binoga auksion orqali ega chiqib, mahalla byudjetiga 5 milliard so‘m tushum kiritgan. Prezident ta’kidlaganidek, shunday yo‘l bilan 3 mingga yaqin binolarni sotish orqali mahallalarda ko‘plab masalalarni hal qilish mumkin. Endilikda mahalla raislari va hokim yordamchilari 5 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat mulkini auksionga chiqarishi mumkin bo‘ladi. Sotuvdan tushgan mablag‘ning 70 foizi mahalla byudjeti ixtiyorida qolib, infratuzilmaga yo‘naltiriladi. Prezident ta’kidlaganidek, bugungi kunda xususiy sheriklik asosida mingga yaqin zamonaviy mahalla binolari barpo etilgan. Tadbirkorlarga bu borada qo‘shimcha yengilliklar beriladi: shahar va viloyatlarda qurilgan mahalla binolari 3 yilga, qishloq hududlarida esa 7 yilga yer va mol-mulk solig‘idan ozod qilinadi. Shu muddat davomida tadbirkorlar foyda va aylanmadan soliqni 50 foizga pasaytirilgan stavkada to‘laydi.

Teglar

Mavzuga oid