add

Endi o‘zbekistonliklar Yaponiyada qurilish sohasida ishlashi mumkin — Migratsiya agentligi

08.12.2025 | 12:005651 daqiqa

Qurilish sohasida ishlashni xohlovchi nomzodlar bepul o‘quv kurslarda o‘qib, Yaponiyada ishlashi mumkin.

Endi o‘zbekistonliklar Yaponiyada qurilish sohasida ishlashi mumkin — Migratsiya agentligi

Migratsiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari Yaponiyaning qurilish sohasida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu imkoniyat ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik doirasida tashkil etilgan maxsus o‘quv dasturi orqali amalga oshiriladi.

May oyida agentlik rahbariyatining Tokio shahriga tashrifi chog‘ida Proud Partners kompaniyasi bilan kelishuvga erishilgani xabar qilingan edi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda nomzodlar yapon tili va kasbiy tayyorgarlik bo‘yicha o‘qitilib, keyin Yaponiyadagi qurilish ob’ektlariga ishga yo‘naltiriladi. Kelishuv doirasida sentabrda Toshkentda loyihaning ramziy ochilishi o‘tkazilgan.

Shu yil kuzida V–S toifali haydovchilik guvohnomasiga ega va Yaponiyada ishlash istagini bildirgan 200 dan ortiq nomzod uchun birinchi tanlovlar tashkil etilgan. Kelgusida qurilish yo‘nalishi bo‘yicha ariza topshirgan 700 nafar nomzod uchun 15-dekabrdan onlayn tanlovlar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tganlar Angren shahridagi 2-son texnikum huzuridagi Qurilish sohasi malakali mutaxassislarni tayyorlash markazida 6–8 oy davomida bepul o‘qitiladi. Ular o‘qish davrida bepul yotoqxona bilan ta’minlanadi. Dasturni muvaffaqiyatli tugatganlar Yaponiyada mehnat faoliyatini boshlaydi.

Agentlik tanlov yakunlari va o‘qish boshlanish sanasi haqidagi ma’lumotni 20-dekabrga qadar e’lon qilishini bildirgan.

Avvalroq O‘zbekiston va Saudiya mehnat migratsiyasida yangi kelishuv orqali o‘zbekistonlik o‘rta tibbiyot xodimlarini Saudiya Arabistonida qonuniy va xavfsiz shartlarda ishga joylashish imkoniyatiga ega bo‘lgan edi.

Teglar

Mavzuga oid