
Endi oziq-ovqat chiqindilaridan organik o‘g‘it sifatida foydalaniladi
18.09.2025 | 20:0034693
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 16 sentyabrdagi qaroriga ko‘ra, 2026–2030 yillar mamlakatda «Dolzarb oziq-ovqat xavfsizligi davri» deb e’lon qilindi.

Qarorga ko‘ra, aholi o‘rtasida to‘g‘ri ovqatlanish madaniyatini oshirish, oziq-ovqat chiqindilarini qayta ishlash korxonalariga yo‘naltirish, do‘konlarda muddati o‘tgan mahsulotlarga chegirmalar joriy etish kabi chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Shuningdek, to‘ylar, ma’raka va boshqa marosimlar belgilangan tartibda o‘tkazilishi qat’iy nazorat qilinadi.
Oziq-ovqat chiqindilarini kamaytirish maqsadida «Oqilona iste’mol» (Save Food) dasturi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 2026 yil 1 iyuldan boshlab umumiy ovqatlanish korxonalarida oqova suvlardagi yog‘-moy chiqindilarini ajratib oladigan uskunalar majburiy tarzda o‘rnatilishi kerak bo‘ladi. Bu chiqindilardan xo‘jalik sovuni, hayvon ozuqalari va boshqa mahsulotlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
2026 yildan boshlab oziq-ovqat chiqindilarini kompostlash orqali qishloq xo‘jaligida organik o‘g‘it sifatida qo‘llash ham kengaytiriladi. Shu bilan birga, mahsulotlarni yig‘ish, tashish va saqlash jarayonlarida yo‘qotishlarni kamaytirish maqsadida logistika tizimi kuchaytiriladi.
Shaharsozlik qoidalari ham yangilanib, umumiy ovqatlanish muassasalari uchun ventilyatsiya va havo tozalash qurilmalari bo‘yicha qat’iy talablar kiritiladi. Shu tariqa, qaror nafaqat oziq-ovqat xavfsizligi, balki ekologik barqarorlik va sog‘lom turmush tarzi uchun ham muhim qadam sifatida baholanmoqda.





