add

Endi Rossiyada migrantlar ayollar bilan muloqot borasida ham imtihon qilinishi mumkin

26.08.2025 | 19:4015995

Rossiyada migrantlar uchun majburiy imtihon tarkibiga xotin-qizlar bilan muloqot qilish qoidalarini kiritish taklif qilindi.

Endi Rossiyada migrantlar ayollar bilan muloqot borasida ham imtihon qilinishi mumkin
Rossiya Davlat dumasi «Yangi odamlar» fraksiyasi deputatlari Vladislav Davankov, Yaroslav Samilin va Kseniya Goryacheva mamlakatning Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Valeriy Falkovga rasmiy murojaat yo‘lladi. Unda migrantlar uchun rus tili, tarix va qonunchilik asoslaridan iborat majburiy imtihon tarkibiga ayollar bilan muloqot qoidalari bo‘yicha alohida bo‘lim kiritish taklif etilgan. Bu haqda TASS agentligi xabar berdi. Murojaatda qayd etilishicha, 2024 yilda Rossiya Ichki ishlar vazirligi 190 ming nafar xorijlikka nisbatan ma’muriy chiqarish, deportatsiya va readmissiya haqida qaror qabul qilgan. Bu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan deyarli 94 mingtaga ko‘p. Deputatlarning ta’kidlashlaricha, bunga ko‘proq xotin-qizlarga nisbatan haqoratomo‘z va hurmatsiz munosabat, tegajoqlik va shilqimlik ilova jamoat tartibini buzish hollari sabab bo‘lgan. Parlament a’zolarining fikricha, qonun buzilishini kamaytirish uchun faqat deportatsiya choralari yetarli emas. Bu tashabbusning amalga oshishi janjalli vaziyatlarni kamaytirish, jamoat joylarida xotin-qizlar himoyasi va xavfsizligini yaxshilash va aholining davlatning migratsiya siyosatiga ishonchini mustahkamlash imkonini beradi. Parlamentariylar fikricha, «deportatsiya va chiqarib yuborish amaliyoti takomillashganiga qaramay, migrantlarda ayollarga nisbatan madaniy va huquqiy me’yorlar to‘g‘risida boshlang‘ich bilimlarni shakllantirishga qaratilgan profilaktika choralarini ko‘rish zarur». Ma’lumot uchun, bu Rossiyada migrantlarga qarama-qarshi jins vakilalariga qanday munosabatda bo‘lishlarini o‘rgatishga qaratilgan birinchi harakat emas. O‘tgan yil yozida Rossiyada Markaziy Osiyodan kelayotgan migrantlar uchun yangi moslashuv kurslari ham ishlab chiqilgan edi. Yangi kurs Markaziy Osiyolik migrantlarga mehnat va migratsiya qonunchiligi, shuningdek, jamoatda o‘zini to‘g‘ri tutish qoidalarini o‘rgatishga qaratilgan. Unda Rossiyadagi turli millat vakillari rus tilida muloqot qilishi muhimligi ta’kidlanib, migrantlarga begona kishilarni «aka» yoki «opa» deb chaqirmaslik, o‘z ona tillarida pichirlab gaplashmaslik tavsiya etilgan. Shu bilan birga, kursda Rossiyada ayollarning ochiq kiyinishi tanishish niyatini anglatmasligi, ularga tegish, quchoqlash, hushtak chalish kabi xatti-harakatlar «tegajoqlik» sifatida baholanishi va javobgarlikka olib kelishi mumkinligi qat’iy uqtirilgan.

Teglar

Mavzuga oid