
Endi vazirlik va idoralar talabalarning kontraktini to‘lab beradi
Yangi qabul qilingan nizomga bilan ikkinchi va undan yuqori kursda o‘qiyotgan bakalavr talabalarining shartnoma to‘lovlarini ish beruvchilar tomonidan qoplash hamda bitirgach ishga olish tartibi tasdiqlandi.

Bakalavriat yo‘nalishida ikkinchi va undan yuqori kursda o‘qiyotgan talabalarning o‘qishi uchun shartnoma to‘lovlarini ish beruvchilar tomonidan qoplab berish hamda ularning ta’limi yakunlangach ishga qabul qilish tartibi belgilandi. Bu bo‘yicha Hukumatning 8-sonli qarori bilan tegishli nizom tasdiqlandi.
Ushbu nizomga ko‘ra, oliy ta’lim tashkilotlari hamda talabalar o‘rtasida 3 tomonlama shartnomalar tuzishda ishchilar soni 50 nafardan ortiq yoki qiymati kamida 1 mln AQSH dollari bo‘lgan investitsiya loyihalariga ega vazirlik, idora hamda tashkilotlar buyurtmachi sifatida ishtirok etishi mumkin.
Bunda talabalar har yili 20-sentabrgacha saralashda ishtirok etish uchun oliy ta’lim tashkilotiga elektron ariza topshiradi. Bunda o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi ma’lumotnoma ilova qilinadi. Talabalar o‘qishni bitirganidan so‘ng buyurtmachi korxona yoki tashkilotda ishlab berish sharti bilan ariza topshiradi.
Nizomga muvofiq, ariza topshirish va saralab olishda ishtirok etuvchi talabgorlarning joriy o‘quv yilida o‘zlashtirish GPA ko‘rsatkichi 3 va undan yuqori bo‘lishi talab etiladi.
Tanlov komissiyasi har yili 15-oktabrgacha oliy ta’lim tashkilotida talabgorlarni suhbat asosida saralab olishdan o‘tkazadi. Talabgorlarni saralab olishda buyurtmachi vakili xulosasi asosiy mezon hisoblanadi.
Shuningdek, 3 tomonlama shartnoma tuzgan va ta’limni muvaffaqiyatli tamomlagan talabalar o‘qishini bitirganidan keyin buyurtmachi tomonidan belgilangan tartibda ishga qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025/2026 o‘quv yilida talabalar uchun to‘lov-kontraktni amalga oshirish muddati yanvar oyining oxirigacha etib belgilangani haqida xabar bergandik.





