Energetika tizimidagi kamchiliklar ortidan «Hududiy elektr tarmoqlari» rahbari almashtirildi
Prezident qarori bilan «Hududiy elektr tarmoqlari» kompaniyasi boshqaruvi raisi lavozimidan ozod etilib, uning o‘rniga Sardor Isaqulov tayinlandi. Bunga elektr tarmoqlaridagi yuqori yo‘qotishlar, debitor qarzdorlik va tizimdagi boshqa jiddiy kamchiliklar sabab sifatida keltirilgan

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoqilg‘i-energetika sohasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida tizimdagi muammolar keskin tanqid qilinib, qator rahbarlarga nisbatan kadrlar bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.
Yig‘ilishda elektr va gaz tarmoqlaridagi yo‘qotishlar, infratuzilmaning eskirgani, hisoblagichlar faoliyatidagi kamchiliklar hamda debitor qarzdorlikning ortib borayotgani tanqid qilindi.
Elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlar 17,2 foizga yetgan
Qayd etilishicha, bugungi kunda elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlar 17,2 фоизни tashkil etmoqda. Joriy yilning olti oyida 4,8 mlrd kilovatt-soat elektr energiyasi yo‘qotilgan. Andijon shahri, Asaka, Yangiobod, Koson, Ko‘kdala, Boysun, Oltinsoy, Qo‘shtepa, Toshloq, Qo‘shrabot va Samarqand tumanlarida yo‘qotishlar 25 foizdan oshgan.
Shuningdek, ASKUE va ASKUG tizimlari joriy etilganiga to‘rt yildan oshgan bo‘lsa-da, 300 mingta gaz va 234 mingta elektr hisoblagichi tarmoqqa ma’lumot uzatmayotgani, bu esa ayrim hududlarda debitor qarzdorlikning ortishiga sabab bo‘layotgani qayd etildi.
Yig‘ilishda Surxondaryoda qurilayotgan bug‘-gaz elektr stansiyasi loyihasi ham tanqid ostiga olindi. Ma’lum qilinishicha, stansiya uchun joy noto‘g‘ri tanlangani sabab gazni obyektga yetkazish uchun qo‘shimcha 300 mln dollar sarflashga to‘g‘ri kelmoqda. Mas’ullarga loyiha bo‘yicha tuzilgan shartnoma shartlarini qayta ko‘rib chiqish topshirildi.
Tizimdagi jiddiy kamchiliklar uchun energetika vaziri hamda «Hududiy elektr tarmoqlari» kompaniyasi rahbari lavozimidan ozod etildi.
Eslatib o‘tamiz, Asrorjon Askarov «Hududiy elektr tarmoqlari» rahbari lavozimida 2024 yildan buyon ishlab kelayotgan edi.

«Hududiy elektr tarmoqlari»ga yangi rahbar tayinlandi
Askarovning o‘rniga esa Sardor Isaqulov «Hududiy elektr tarmoqlari» kompaniyasi boshqaruvi raisi etib tayinlandi. Energiya inspeksiyasiga Axad Isoqjonov rahbar bo‘ldi.
Shuningdek, «Milliy elektr tarmoqlari», «Issiqlik elektr stansiyalari», «Transgaz» va «Hududgaz» rahbarlariga yil yakunigacha sinov muddati belgilandi. Natija bo‘lmasa, ular ham lavozimidan ozod etilishi haqida ogohlantirildi.
Davlat rahbari yangi rahbarlar bugundan boshlab mutlaqo yangicha ish uslubini joriy etishi shartligini ta’kidladi.
Bundan tashqari, Prezident hokimlarni ham energetika sohasidagi muammolarga befarq bo‘lmaslikka chaqirdi.
«Hokimlar ham «Bu energetiklarning ishi» deb xotirjam o‘tirishga haqqi yo‘q. So‘rov qattiq bo‘ladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.





