
Eng ko‘p jinoyatlar qaysi universitet talabalari tomonidan sodir qilingani ma’lum bo‘ldi
05.09.2025 | 18:2049105
Senatning 10-yalpi majlisida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipovga tegishli parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.

Bugun, 5 sentyabr kuni senatning 10-yalpi majlisida talabalar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish yuzasidan oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipovga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Mas’ullar tomonidan ishlar yetarli darajada tashkil etilmagani talabalar o‘rtasida nosog‘lom muhit yuzaga kelishiga, ayrim hollarda esa huquqbuzarlik va jinoyatchilikka olib kelayotgani kuzatilayotgani tanqid qilindi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirokida 761 ta jinoyat sodir etilgan. 2025 yilning 6 oyi davomida bu ko‘rsatkich 102 ta oliy ta’lim muassasasining 307 ta talabasi tomonidan jinoyat sodir etilgani bu masalaga jiddiy e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatadi.
Xususan, jinoyatlarning asosiy qismini yo‘l-transport hodisalari, o‘g‘rilik, tan jarohati yetkazish, bezorilik, firibgarlik kabi jinoyatlari tashkil etgan.
Hududlar kesimida jinoyatlarning aksariyati Toshkent shahri, Toshkent, Buxoro, Namangan, Andijon, Samarqand, Farg‘ona, Surxondaryo viloyatlariga to‘g‘ri keladi.
Oliy ta’lim muassasalari kesimida esa jinoyatlarning ko‘pchilik qismi Toshkent davlat transport universiteti, O‘zbekiston milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hissasiga to‘g‘ri kelayotgani ta’kidlandi.
Bunga sabab sifatida ayrim oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonini muntazam nazorat qilish, talabalarning dars mashg‘ulotlariga qatnashini yetarli darajada monitoring qilinmaganligi oqibatida talabalar tomonidan dars vaqtida, ya’ni soat 08:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan davr mobaynida jinoyatlar sodir etilayotgani ko‘rsatildi.
Majlisda aytilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 9-sentabrdagi “Respublika oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 563-sonli qarorida tyutorlarni biriktirish tartibi belgilangan bo‘lsa-da, ayrim oliy ta’lim muassasalari tomonidan ushbu talabga rioya qilinmagan. Shuningdek, talabalarning yotoqxonalarga kirib-chiqishi, yashashi hamda tungi vaqtda bo‘lishi ustidan nazorat yetarli darajada emas.
Muhokama yakunida Senatning tegishli parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.





