Logo

Eng orasta xonadonlarga soliq imtiyozi beriladi

Kecha 11:552 daqiqa

O‘zbekistonda obodonlashtirish ishlarini rag‘batlantirish uchun yangi tizim joriy etiladi. Endi eng orasta xonadon va fayzli hovli egalari soliq imtiyoziga ega bo‘lishi mumkin.

Eng orasta xonadonlarga soliq imtiyozi beriladi © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan mahallalarda «Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi» e’lon qilindi. Bu haqda 16-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda har bir viloyat hokimi, ularning o‘rinbosarlari va viloyat tashkilotlari rahbarlari bittadan tumanni, tumanlardagi mas’ullar esa bittadan mahallani bir oy davomida nazoratga olib, keng ko‘lamli obodonlashtirish va ozodalik ishlarini tashkil etishi belgilandi.

Bu jarayonni muvofiqlashtirish uchun bosh vazir rahbarligida respublika shtabi tashkil etiladi. Hududlarda esa shtablarga hokimlar rahbarlik qiladi. Davlat rahbari bu tashabbus bir oylik aksiya emas, balki yil davomida amal qiladigan umummilliy harakatga aylanishi lozimligini ta’kidladi.

Soliq bilan rag‘bat

Prezident mehnatga munosib rag‘bat bo‘lishi kerakligini qayd etdi. Shu munosabat bilan yil yakunida «Eng orasta xonadon», «Eng fayzli hovli», «Eng obod ko‘cha» va «Eng namunali mahalla» nominatsiyalari joriy etiladi.

Tanlov g‘oliblari bo‘lgan ko‘p qavatli uylardagi kvartira egalariga mol-mulk solig‘i bo‘yicha, hovli-joy egalariga esa yer solig‘i bo‘yicha imtiyozlar beriladi.

Shuningdek, namunaviy faoliyat ko‘rsatgan «mahalla yettiligi» a’zolari mukofotlanadi va ularning ish tajribasi boshqa hududlarda ham ommalashtiriladi.

Yangi vazifalar

Yig‘ilishda temiryo‘l atroflarini obodonlashtirish ishlariga ham alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilishicha, Toshkent—Xiva temiryo‘l yo‘nalishi bo‘ylab 285 ta mahalla joylashgan bo‘lib, ushbu yo‘nalish 45 ta tuman hududidan o‘tadi.

Prezident barcha viloyat hokimlariga bir hafta ichida magistral avtomobil yo‘llari va temiryo‘llar atrofidagi uy-joylar hamda tijorat obyektlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish vazifasini yukladi. Shuningdek, ikki hafta muddatda mazkur hududlarni namunaviy qiyofaga keltirish bo‘yicha aniq dastur ishlab chiqib, amaliy natijaga erishish topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq aynan shu yig‘ilishda mahalla «yettiligi»ga 10 million so‘mdan grant berilishi haqida ma’lum qilingandi.

Teglar

Mavzuga oid