Eng qimmat Mirobodda: Toshkentda uylarning ijara narxlari qanday?
2026 yil boshida Toshkentda ijara bozori yana qimmatlashdi. Poytaxtda 1 kv metr uchun o‘rtacha ijara narxi 8,8 dollarga yetdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 9 foiz yuqori.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2026 yil yanvar oyi uchun O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori dinamikasi bo‘yicha tahlilni taqdim qildi.
Unga ko‘ra, yanvar oyida poytaxtda uy-joy ijarasining o‘rtacha qiymati 1 kv metr uchun qariyb 8,8 dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9 foizga yuqori degani.
Ijara narxlarining eng yuqori ko‘rsatkichi poytaxtning Mirobad (11,1 dollar), Shayxontohur (10,9 dollar) va Yakkasaroy (10,3 dollar) tumanlarida bo‘lib turibdi. Bu tumanlarda ijara narxi 1 kv. metr uchun o‘rtacha 11 dollar atrofida.

Ayni paytda ijara narxlarining o‘sish sur’atlari jadallashuvi Olmazor, Yunusobod, Yashnobod, Chilonzor va Mirzo-Ulug‘bek tumanlarida ko‘proq kuzatilib, ushbu hududlarda yillik o‘rtacha o‘sish qariyb 13 foizni tashkil etmoqda.
Bundan tashqari, yanvarda Toshkent shahrida ikkillamchi uy-joy bozorida 1 kv metr uchun o‘rtacha narx deyarli 1120 dollarga yetdi va oylik hisobda 0,6 foizga oshdi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa narxlar qariyb 2 foizga o‘sdi.
Ikkillamchi uy-joy narxlarining eng yuqori o‘sishi Yakkasaroy (5,7 foiz) va Mirabad (4,3 foiz) tumanlarida qayd etildi.
Shu bilan birga, poytaxtning birlamchi ko‘chmas mulk bozorida narxlar o‘sishi nisbatan yuqori bo‘ldi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan yangi qurilgan uy-joylarda 1 kv metr uchun o‘rtacha narx 9 foizdan ko‘proqqa oshdi.
Birlamchi uy-joy narxlarining eng yuqori o‘sishi Mirobad (18,4 foiz) va Mirzo-Ulug‘bek (17,3 foiz) tumanlarida qayd etildi.





