«Enter Engineering» aktivlari ish haqi qarzlarini qoplash uchun sotiladi – OAV
«Eriell Group» va «Enter Engineering» kompaniyalari egasi Baxtiyor Fozilov joriy yil yanvar oyidayoq barcha energetika loyihalaridan «bosh pudratchi» sifatida chetlatilishi haqida ogohlantirilgan.

O‘zbekiston hukumati «Enter Engineering», «Eriell» va «Saneg» kompaniyalar guruhining moliyaviy barqarorligini tiklash bo‘yicha chora-tadbirlar tayyorlayotgani aytilmoqda. Bu haqda o‘z manbasiga tayanib, «Podrobno.uz» xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2026-yil yanvar holatiga ko‘ra, xoldingning 38,7 ming xodim oldida ish haqi bo‘yicha umumiy qarzi 131 million dollarga yetgan. Bu qarzlarni qoplash uchun Vazirlar Mahkamasi guruh aktivlarini keng ko‘lamda sotish rejasini tasdiqlagan.
Manbaga ko‘ra, mol-mulkni sotish uchun Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda «Saneg Aktiv» maxsus tuzilmasi tashkil etiladi. Aktivlar sotilishidan tushgan barcha mablag‘lar Milliy bankdagi maxsus hisob raqamiga jamlanadi va birinchi navbatda ish haqini to‘lashga, keyin esa soliqlar va kreditlarni qoplashga yo‘naltiriladi. Agar «E-Auksion» platformasida obyektlarga talab past bo‘lsa, ularning narxi har hafta 5 foizga pasaytirib boriladi.
Sotuvga qo‘yiladigan aktivlar ro‘yxati:
Chilonzor va Sergeli tumanlaridagi «Enter Engineering» bosh ofislari
Shahrisabz va Chorbog‘ ko‘chalaridagi «Eriell» ofislari
«Tashkent International Medical Center» binosi (sobiq Borovskiy nomidagi kollej)
Samarqand aeroporti va turistik markazdagi 8 ta mehmonxona majmuasi
Farg‘ona neftni qayta ishlash kompleksi (Oltiariq) va Angren terminali
Shu bilan birga, hukumat strategik loyihalarni yakunlash uchun yangi investorlar izlayongani aytilmoqda. Ular qatoriga quyidagilar kiradi:
Tebinbuloq metallurgiya kompleksi
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish
MTO (Methanol to Olefin) asosidagi gaz-kimyo kompleksi
Buxoro aeroportini modernizatsiya qilish loyihasi
Barqarorlashtirish davrida guruhga 2027-yil 1-yanvargacha soliqlar bo‘yicha imtiyozli kechiktirish berilgan. Biroq bu imtiyoz faqat ishchilar oldidagi barcha qarzlar to‘liq to‘langanidan keyingina amal qiladi.
Manbaga ko‘ra, «Enter Engineering» direktorining o‘rinbosari Alisher Hamidov xodimlarga ish haqlari 15-martgacha to‘lanishini va’da qilgan. Uning aytishicha, mablag‘lar «Gazli Gas Storage» yerosti gaz ombori sotilishi hisobidan paydo bo‘lgan. Biroq nima, kimga va qanday shartlarda sotilgani haqida aniq ma’lumot berilmagan. Shuningdek, Hamidov xodimlardan kompaniyani tark etmaslikni va «sabr qilishni» so‘ragan, chunki «likvidatsiya bo‘lmaydi».
«Enter Engineering» Jizzaxda qurilayotgan AES atrofidagi infratuzilmani barpo etish bo‘yicha asosiy pudratchi hisoblanadi. Manbaga ko‘ra, kompaniya bu qurilishni har qanday yo‘l bilan qayta tiklashga majbur, chunki loyiha bo‘yicha mablag‘ning bir qismi allaqachon to‘langan.
Manbaga ko‘ra, «Eriell Group» va «Enter Engineering» egasi Baxtiyor Fazilov joriy yil yanvar oyidayoq barcha energetika loyihalaridan «bosh pudratchi» sifatida chetlatilgani haqida xabardor qilingan.
Davlat mehnat inspeksiyasi «Enter Engineering» va u bilan bog‘liq korxonalarning 12,7 mingdan ortiq xodimiga ish haqi bo‘yicha qarzlarni undirish choralarini ko‘rgan. Bu mehnat huquqlari buzilgani haqidagi murojaatlardan keyin amalga oshirilgan.
Manbaga ko‘ra, haqiqatan ham xodimlar kartalariga ma’lum miqdorda pul tusha boshlagan, ammo faqat bir oylik ish haqi to‘langan, xolos. Aslida qarzlar 2025-yildan beri to‘planib kelmoqda. Eng qizig‘i, suhbat paytida aytilgan ish haqi bilan hujjatlarda ko‘rsatilgan rasmiy maosh o‘rtasida katta farq bor. Ko‘pchilik xodimlar uchun rasmiy maosh taxminan 2 million so‘m qilib ko‘rsatilgan va kompaniya qarzlarni aynan shu miqdor asosida qaytarmoqchi ekani qayd etiladi.





