add

Erdo‘g‘an: Falastinni tan olish «ikki davlat» yechimini jadallashtiradi

21.09.2025 | 19:0038084

Turkiya prezidenti BMT Bosh assambleyasida Falastinni tan olish va G‘azodagi insonparvarlik fojiasini asosiy mavzular sifatida ko‘tarishini bildirdi.

Erdo‘g‘an: Falastinni tan olish «ikki davlat» yechimini jadallashtiradi
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Istanbuldan AQSHga yo‘l olishdan oldingi matbuot anjumanida Falastin davlatiga berilgan tan olish qarorlari «ikki davlat yechimi» g‘oyasini jadallashtiradi, deb ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilgi yubiley sessiyasi 140 dan ortiq davlat rahbarlarini birlashtirib, «Yaxshiroq dunyo, taraqqiyot va inson huquqlari uchun 80 yil va undan keyin ham» shiori ostida o‘tadi. Erdo‘g‘an hozirgi BMT tuzilmasi 80 yil avvalgi formatda global muammolarni hal qila olmayotganini keskin tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, insonparvarlik inqirozlarini Xavfsizlik Kengashidagi «veto huquqiga ega besh davlat» ixtiyoriga qoldirish mutlaqo maqbul emas. «Biz bu haqda «Dunyo beshdan katta» degan shior bilan 12 yil oldin aytgan edik. Vaqt o‘tishi bilan bu baho to‘liq tasdiqlandi», — dedi Turkiya rahbari. Prezident aytishiga ko‘ra, Nyu Yorkdagi chiqishida Turkiyaning insonparvarlik muammolarini hal etishga qo‘shgan hissasi va mintaqaviy barqarorlikka qaratilgan tashabbuslari alohida yoritiladi. Uning nutqida G‘azodagi qon to‘kilish, Falastin davlati masalasi va xalqaro jamoatchilikning javob choralari asosiy o‘rinni egallaydi. Shuningdek, Erdo‘g‘an BMT sessiyasi chog‘ida qator ikki tomonlama uchrashuvlar, jumladan BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish va AQSH prezidenti Donald Tramp bilan muzokaralar o‘tkazishini ma’lum qildi. Ushbu uchrashuvlarda G‘azodagi urushni to‘xtatish uchun qo‘shma choralar muhokama etilishi kutilmoqda. Turkiya prezidenti sessiya davomida Falastin bo‘yicha konferensiyada ham nutq so‘zlaydi, shuningdek, Kiprdagi turk jamoasi huquqlari va Turkiya tashqi siyosatining asosiy tamoyillarini yoritishni rejalashtirgan. Erdo‘g‘an tashrif doirasida AQSHdagi turk diasporasi va biznes hamjamiyati bilan ham uchrashadi. Prezidentni Nyu Yorkka turli vazirlar va rafiqasi Emine Erdo‘g‘an hamrohlik qilmoqda. Erdo‘g‘anning BMT minbaridan chiqishi 23 sentyabrga belgilangan bo‘lib, bu uning Bosh assambleyadagi 15-chiqishi hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid