Logo

Erdo‘g‘an NATO yetakchilariga ismlari yozilgan to‘pponcha sovg‘a qildi

Bugun 16:252 daqiqa

Anqaradagi NATO sammiti yakunlanganidan so‘ng Yevropa davlat rahbarlari yuklari orasidan kutilmagan sovg‘a — to‘pponcha va o‘q-dorilarni topdi.

Erdo‘g‘an NATO yetakchilariga ismlari yozilgan to‘pponcha sovg‘a qildi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an NATO sammitida ishtirok etgan davlat rahbarlariga noodatiy sovg‘a taqdim etdi. U har bir yetakchiga Turkiyada ishlab chiqarilgan kolleksion to‘pponcha va o‘q-dorilar berdi.

«Reuters» nashrining yozishicha, bu orqali Erdo‘g‘an Turkiya mudofaa sanoati imkoniyatlarini namoyish etishni maqsad qilgan.

Litva prezidenti Gitanas Nauseda idorasi tarqatgan suratlarda sovg‘a qilingan qurol 1990 yillarda Turkiyaning «MKE» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan «Gumusay .357 Magnum» to‘pponchasi ekani ko‘ringan.

U Turkiya bayrog‘i va NATO logotipi tushirilgan yog‘och qutiga joylangan bo‘lib, ichiga turk va ingliz tillarida «Gumusay — mamlakatimizda ishlab chiqarilgan birinchi revolver tipidagi to‘pponcha» degan yozuvli taxtacha ham ilova qilingan.

Diplomatik sovg‘a

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanchesning matbuot kotibi barcha yetakchilarga bir xil modeldagi to‘pponcha berilganini ma’lum qildi. Har bir qurolga uni qabul qilgan rahbarning ismi o‘yib yozilgan.

Belgiya bosh vaziri Bart De Vever sovg‘ani Brussel aeroporti politsiyasiga saqlash uchun topshirgan.

Britaniya bosh vaziri Kir Starmerga berilgan to‘pponcha esa tozalash to‘plami va 500 ta o‘q bilan birga taqdim etilgan.

Ayrim yetakchilar sovg‘ani muzeylarga topshirishga qaror qilgan. Xususan, Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen revolverni harbiy muzeyga berishishni rejalashtirmoqda.

Turkiya qurol bozori

«Reuters»ning qayd etishicha, Turkiyaning zamonaviy qurolsozlik sanoati asosan yarim avtomatik to‘pponchalarga ixtisoslashgani sababli, «Gumusay» kolleksionerlar uchun o‘ziga xos topilmaga aylanadi.

Ta’kidlanishicha, turk qurolsozlari arzon to‘pponcha va miltiqlar bilan Yevropaning fuqarolik o‘qotar qurollari bozoriga kirib borib, azaldan qimmatbaho sport va xizmat qurollari bilan tanilgan Italiya hamda Belgiyaning qadimiy brendlariga jiddiy raqobat tug‘dirmoqda.

Jenevada joylashgan «Small Arms Survey» tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiya 2019–2024 yillar oralig‘ida AQSH va Italiyadan so‘ng dunyoda yengil o‘qotar qurollar eksporti bo‘yicha uchinchi o‘rinni egallagan. Bu davr mobaynida eksportning umumiy hajmi qariyb 3 milliard dollarni tashkil etgan.

Teglar

Mavzuga oid

Erdo‘g‘an NATO yetakchilariga ismlari yozilgan to‘pponcha sovg‘a qildi | Vaqt.uz