add

Erdo‘g‘an Turkiy davlatlar iqtisodiyotini birlashtirmoqchi

16.12.2025 | 08:386892 daqiqa

Unga ko‘ra, «O‘rta yo‘lak», Bokudan Naxchivonga o‘tuvchi yo‘nalish va Kaspiy dengizi orqali o‘tgan marshrutlarning yagona tizimga integratsiya qilinishi savdo oqimlarini keskin oshiradi.

Erdo‘g‘an Turkiy davlatlar iqtisodiyotini birlashtirmoqchi

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an turkiy dunyoning ulkan iqtisodiy salohiyatini ochish va uni global miqyosda o‘sib borayotgan qudrat markaziga aylantirish bo‘yicha strategik qarashlarini e’lon qildi. Davlat rahbari energetika koridorlari, logistika yo‘nalishlari va raqamli infratuzilmaning o‘zaro uyg‘un rivojlanishi bu maqsadga erishishda asosiy omil bo‘lishini ta’kidladi.

Erdo‘g‘an hokimiyatdagi Adolat va Taraqqiyot partiyasi (ATP) tomonidan tashkil etilgan «Turkiy dunyo qarashlari hujjati» taqdimotida chiqish qilar ekan, Anqaraning Turkiy davlatlar bilan tashqi savdo aylanmasini o‘rta muddatda 60 milliard dollarga, uzoq muddatli istiqbolda esa 100 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu strategik ko‘rsatkichga erishishda transport va logistika sohasidagi strategiyalar muhim va hal qiluvchi o‘rin tutadi.

Prezidentning ta’kidlashicha, Turkiy dunyo o‘rtasidagi savdo-sotiq aloqalarini tezlashtirish uchun muhim koridorlarni birlashtirish lozim. Jumladan, «O‘rta yo‘lak», Bokudan Naxichivonga o‘tuvchi yo‘nalish va Kaspiy dengizi orqali o‘tgan marshrutlarning yagona tizimga integratsiya qilinishi savdo oqimlarini keskin oshiradi. Bunday tizimli yondashuv Turkiy dunyoning global miqyosda o‘z iqtisodiy mavqeini mustahkamlashda asosiy omil bo‘ladi.

Erdo‘g‘an «Turkiy dunyo qarashlari hujjati» 61 ta o‘zaro bog‘liq kichik bandlardan iborat yaxlit va keng qamrovli yondashuvni shakllantirganini qayd etdi. Hujjatning asosiy bo‘limlari iqtisodiy integratsiya, madaniy hamkorlik, energetika xavfsizligi, transport tarmoqlari, ta’lim va yoshlar siyosati kabi juda keng ko‘lamli masalalarni qamrab olgan.

Turkiya Prezidentining alohida qayd etishicha, barcha bu sa’y-harakatlar va rejalar turkiy davlatlarning hozirda mavjud bo‘lgan, lekin to‘liq ochilmagan ulkan salohiyatini samarali ro‘yobga chiqarishga yo‘naltirilgan. Maqsad butun jarayonni hududning o‘ziga xos imkoniyatlari va afzalliklarini maksimal darajada ishga solishga qaratishdan iborat.

Erdo‘g‘an so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan o‘zaro qadamlar va munosabatlar mamlakatlar o‘rtasidagi ishonchni yanada mustahkamlayotganini, shuningdek, belgilangan strategik maqsadlarga erishishni yanada reallashtirayotganini ta’kidladi. «Shunday qilib, turkiy dunyo kelajagiga oid rejalar mavhum nazariy takliflar doirasidan chiqib, amaliy va aniq loyihalarga aylanmoqda», — deya o‘z nutqiga yakun yasadi Turkiya Prezidenti.

Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) a’zo bo‘lgan asosiy mustaqil davlatlar, Prezident Erdo‘g‘an so‘zlarida tilga olingan iqtisodiy integratsiyaning asosiy ishtirokchilari Turkiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Turkmaniston (kuzatuvchi a’zo) hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid