Erdo‘g‘anning farmoni parlamentda mushtlashuvga sabab bo‘ldi
Turkiya parlamentida yangi vazirlarning qasamyod qilish marosimi janjalga aylanib ketdi.

Turkiya parlamentining bugungi yig‘ilishida mamlakat Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning Aqin Gurlekni Adliya vaziri, Mustafo Chiftchini esa Ichki ishlar vaziri etib tayinlash to‘g‘risidagi farmoni o‘qib eshittirildi.
Parlament spikeri o‘rinbosari Bekir Bozdag‘ yangi hukumat a’zolarini qasamyod qilish uchun minbarga taklif qildi. Biroq, muxolif Jumhuriyat Xalq partiyasi (JHP — Mustafo Kamol Otaturk g‘oyalari tarafdorlari) deputatlari Aqin Gurlekning tayinlanishi Turkiya Konstitutsiyasiga zid ekanini da’vo qilishdi. Ularning fikricha, Gurlek hali ham Istanbul bosh prokurori vazifasini bajarayotgani uchun vazir bo‘la olmaydi.
Gurlek qasamyod qilish uchun minbarga chiqqanida, JHP deputatlari uning yo‘lini to‘sishga urinishdi. Hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi (AK Partiya) deputatlari bunga qarshilik ko‘rsatgach, parlamentariylar o‘rtasida mushtlashuv kelib chiqdi. To‘qnashuvdan so‘ng hukmron partiya deputatlari minbar oldida jonli zanjir hosil qilib, uni himoyaga olishdi.
Vaziyat tafsilotlari
10-fevral kuni Erdo‘g‘an imzolagan farmonga ko‘ra, Yilmaz Tunchning o‘rniga Istanbul prokurori Aqin Gurlek, Ali Yerlikayaning o‘rniga esa Erzurum gubernatori Mustafo Chiftchi tayinlandi. Rasmiy hujjatda Tunch va Yerlikaya o‘z xohishi bilan iste’foga chiqqani aytilsa-da, bu o‘zgarishlar hokimiyatning siyosiy kursi o‘zgarishi haqidagi gap-so‘zlarni kuchaytirdi.
Aqin Gurlek kim?
Muxolifatdagi JHP ikkala yangi vazirni ham «qattiq liniya» tarafdorlari deb atab, qarorga qarshi chiqdi. Ayniqsa, Aqin Gurlekka nisbatan norozilik kuchli. U 2024 yil oktabrida Istanbul prokurori etib tayinlangach, kemalistlar (JHP) boshqaruvidagi munitsipalitetlarga, jumladan Ekrem Imomo‘g‘li ma’muriyatiga qarshi korrupsiyaga oid tergovlarni boshlagan edi. Shuningdek, u pul yuvish, moliyaviy jinoyatlar va mashhurlar o‘rtasidagi giyohvandlik va fohishabozlikka qarshi keng ko‘lamli operatsiyalari bilan tanilgan.
Ichki ishlar vazirligidagi o‘zgarishlar
Iste’foga chiqarilgan Ali Yerlikaya mafiya va narkotik tarmoqlariga qarshi faol kurashi bilan xalq orasida ijobiy obro‘ qozongan edi. Biroq, u PSRning koalitsiya bo‘yicha sherigi — Millatchi Harakat Partiyasi (MHP) bilan kelisha olmay qolgani aytiladi. MHP Yerlikayaning vazirlikdagi kadrlar siyosatidan (millatchilarga yaqin byurokratlarni chetlatganidan) norozi edi. Millatchilar sobiq vazir Sulaymon Soyluning qaytishini istashgan bo‘lsa-da, Mustafo Chiftchi nomzodiga e’tiroz bildirishmagan.
Mustafo Chiftchi kim?
Anqara universiteti Siyosiy fanlar fakulteti bitiruvchisi, o‘ta konservativ qarashlari bilan tanilgan. U Turkiya Respublikasining ilk yillarida Mustaqillik sudlari qarori bilan qatl etilgan Iskilipli Otif Xojani xotirlash marosimida qatnashgani uchun kemalistlar tomonidan qattiq tanqid qilingan edi.
Voqea boshlanishi
Turkiya OAVlari Adliya vaziri Yilmaz Tunch va Ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya o‘z xohishlari bilan lavozimidan ozod etilganini xabar qildi. Prezident farmoni bilan tayinlangan Aqin Gurlek bungacha Istanbul prokurori sifatida Imomo‘g‘liga qarshi shov-shuvli ishlarni olib borgan bo‘lsa, Mustafo Chiftchi davlat boshqaruvi tizimida katta tajribaga ega kadr sifatida ko‘rilmoqda.





