add

Eron AQSH va Isroil bazalarini ogohlantirdi

Kecha 19:202 daqiqa

Eron parlamenti spikeri AQSH hujumiga javoban mintaqadagi Amerika va Isroil harbiy bazalari nishonga olinishini bildirdi.

Eron AQSH va Isroil bazalarini ogohlantirdi

Eron rasmiylari AQSH tomonidan ehtimoliy harbiy hujum sodir etilgan taqdirda, mintaqadagi Amerika va Isroil harbiy infratuzilmalari qonuniy nishonga aylanishini ma’lum qildi. Bu bayonot mamlakatda davom etayotgan ijtimoiy noroziliklar va tashqi bosimlar natijasida aytildi.

Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibofning ta’kidlashicha, har qanday xorijiy tajovuzga javob qat’iy bo‘ladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil hamda mintaqada joylashgan barcha Amerika harbiy markazlari, bazalari va kemalari ehtimoliy javob zarbalari doirasida ko‘rib chiqiladi.

Bu ogohlantirish AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining Eronga qarshi bir qator harbiy ssenariylarni muhokama qilayotgani haqidagi xabarlar ortidan bildirildi. Rasmiy Tehron bu kabi tahdidlar mintaqaviy barqarorlikni yanada izdan chiqarishini ta’kidlamoqda.

Shu kunlarda Eronda ijtimoiy-iqtisodiy sabablar bilan keng ko‘lamli namoyishlar davom etmoqda. 28-dekabrdan beri avj olgan chiqishlar milliy valuta qadrsizlanishi va narx-navo oshishiga qarshi boshlangan. Keyinchalik noroziliklar mamlakatning turli shaharlariga tarqaldi.

11-yanvar kuni parlament yig‘ilishida ayrim deputatlar keskin shiorlar bilan chiqish qildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, namoyishlar davomida kamida 116 kishi halok bo‘lgan, 2600 nafarga yaqin fuqaro qo‘lga olingan. Shu ortiqcha bosimlar fonida Eron Markaziy banki rahbari iste’foga chiqqan.

8-yanvar kuni Tramp namoyishchilarga nisbatan zo‘ravonlik kuchaysa, AQSH «kuchli zarba» berishga tayyorligini bildirgan. U Truth Social platformasida Eronda ozodlikka intilish kuchayganini qayd etgan.

Teglar

Mavzuga oid