add

Rossiya Ukrainaning Lviv oblastini «Oreshnik» bilan nishonga oldi

Kecha 13:412 daqiqa

Rossiya mudofaa vazirligi Lviv oblastidagi zarbani Putinning Valday varorgohiga qilingan dron hujumiga javob deb atadi va «Oreshnik» qo‘llanganini bildirdi.

Rossiya Ukrainaning Lviv oblastini «Oreshnik» bilan nishonga oldi

Rossiya Qurolli kuchlari Ukrainaning Lviv oblastidagi muhim infratuzilma ob’ektlariga ballistik raketa zarbasi berdi. Bu haqda shahar meri Andrey Sadovoy ma’lum qildi. Uning aytishicha, havo hujumi haqida ogohlantirishdan so‘ng shaharda ketma-ket portlashlar eshitilgan, keyin esa muhim infratuzilma ob’ektiga zarba berilgani aniqlangan. Hozircha qurbonlar haqida rasmiy ma’lumot yo‘q.

Ukraina Qurolli kuchlarining havo kuchlari «G‘arb» qo‘mondonligi 8-yanvar kuni soat 23:47 da Rossiya tomonidan ballistik raketa qo‘llanganini tasdiqladi. Qayd etilishicha, havo maqsadi taxminan soatiga 13,5 ming kilometr tezlikda ballistik trayektoriya bo‘ylab harakatlangan. Raketa turi uning parchalari to‘liq o‘rganilgandan so‘ng aniqlanadi.

Havo kuchlari kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Yuriy Ignat raketa Kapustin Yar poligonidan uchirilgan bo‘lishi mumkinligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Lviv oblastida portlashlar aynan shu hududdan uchirilgan ballistik raketadan keyin qayd etilgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi esa 9-yanvar tongi bayonotida ushbu zarbani «Kiyev tomonidan Putin qarorgohiga qilingan hujumga javob» deb atadi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina harbiy-sanoat majmuasi faoliyatini ta’minlovchi energetika infratuzilmasi hamda dronlar ishlab chiqarish ob’ektlari nishonga olingan. Rossiya tomoni «Oreshnik» raketa tizimi qo‘llanganini ham ma’lum qildi.

Avvalroq Rossiya ushbu eksperimental ballistik tizimni 2024 yil noyabrda Dnipro shahridagi «Yujmash» zavodiga qarshi qo‘llagan edi. O‘sha paytda Vladimir Putin buni G‘arbning uzoq masofali raketalari bilan berilgan zarbalarga javob deb izohlagan.

Dekabr oyida esa Rossiya Ukraina dronlari Valdaydagi qarorgohga hujum qilganini iddao qildi, ammo bu ma’lumot dalillamadi. Donald Tramp esa keyinchalik bu hujumga ishonmasligini aytgan.

Teglar

Mavzuga oid