add

Tramp ma’muriyati Eronga zarba berish variantlarini muhokama qildi

Kecha 18:282 daqiqa

AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Erondagi ommaviy noroziliklar va kuch bilan bostirish xavfi ortida ehtimoliy harbiy zarbalar ssenariylarini muhokama qildi.

Tramp ma’muriyati Eronga zarba berish variantlarini muhokama qildi

AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati doirasida Eronga qarshi ehtimoliy harbiy harakatlar yuzasidan maslahatlashuvlar o‘tkazildi. «The Wall Street Journal» nashri o‘z manbalariga tayanib xabar qilishicha, muhokamalar Erondagi norozilik namoyishlarini hukumat tomonidan keskin bostirish ehtimoli bilan bog‘liq holda olib borilgan.

Nashr manbalaridan biriga ko‘ra, muhokama qilingan variantlar orasida Eronning bir qator harbiy ob’ektlariga keng ko‘lamli havo zarbasi berish ssenariysi ham bo‘lgan. Biroq boshqa manbaning ta’kidlashicha, ma’muriyat ichida bu borada yagona pozitsiya mavjud emas, shuningdek, ehtimoliy operatsiyaga tayyorgarlik sifatida harbiy texnika yoki shaxsiy tarkibni ko‘chirish ishlari amalga oshirilmagan. WSJ manbalari bu kabi maslahatlashuvlar odatiy strategik rejalashtirish doirasida ekanini va yaqin orada zarba berish alomatlari kuzatilmayotganini qayd etmoqda.

Vaziyat Eron qurolli kuchlarining bayonotlaridan so‘ng yanada keskinlashdi. 10-yanvar kuni Eron armiyasi ommaviy noroziliklarni bostirishga qo‘shilishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Harbiylar «milliy manfaatlar, strategik infratuzilma va davlat mulkini qat’iy himoya qilish»ini bildirib, tartibsizliklarda Isroil va «terrorchi guruhlar»ni aybladi hamda «dushman fitnalarini bartaraf etish»ga va’da berdi. WSJʼning ta’kidlashicha, bu hukumatning avvalroq nisbatan yumshoq ritorikasidan sezilarli keskinlashuv hisoblanadi.

Shu ortidan Donald Tramp bir necha bor Erondagi repressiyalarni to‘xtatish uchun aralashishga tayyor ekanini bildirgan. «Eron, ehtimol, hech qachon bu qadar erkinlikka intilib ko‘rmagan. AQSH yordam berishga tayyor», — deb yozdi u 10-yanvar kuni.

Eronda ommaviy noroziliklar 28-dekabr kuni iqtisodiy inqiroz fonida boshlanib, qisqa vaqt ichida oliy rahbar Ali Xomanaiy iste’fosini talab qilgan siyosiy aksiyalarga aylandi. HRANA huquq himoya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, ikki hafta ichida kamida 65 kishi halok bo‘lgan, hibsga olinganlar soni esa 2300 nafardan oshgan. «Time» nashri manbasi esa faqat Tehron markazida halok bo‘lganlar soni 217 nafarga yetishi mumkinligini bildirmoqda. Mamlakatda mobil aloqa va internet deyarli to‘liq cheklangan.

Mavjud inqiroz fonida 1979 yili ag‘darilgan shohning o‘g‘li Rizo Pahlaviy namoyishchilarni hokimiyatni qo‘lga olishga chaqirib, Eronga qaytishga tayyor ekanini e’lon qildi. Shu bilan birga, g‘arb razvedka manbalari Ali Xomanaiy Tehrondan Moskvaga evakuatsiya qilish rejasini ishlab chiqqanini da’vo qilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid