
O‘zbekistonda yashil vodorod loyihasining ilk bosqichi ishga tushdi
Chirchiqda amalga oshirilgan loyiha O‘zbekistonda barqaror energetikaga o‘tish jarayonini tezlashtirib, yangi sanoat zanjirlariga asos solmoqda.

Chirchiq shahrida yashil vodorod ishlab chiqarish bo‘yicha pilot loyihaning birinchi bosqichi muvaffaqiyatli yakunlanib, amaliyotga tatbiq etildi. Bu O‘zbekistonda ilk bor sanoat miqyosida yashil vodorod ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilayotganini anglatadi va mamlakatning energetika siyosatdagi ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Loyiha Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda. Umumiy qiymati 88 million AQSH dollariga teng bo‘lgan investitsiya loyihasi doirasida 40 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Ma’lumot uchun, ushbu loyihaga rasman 2023 yil noyabr oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev start bergan edi. Davlat rahbarining ishtirokida Toshkent viloyatida yashil vodorod ishlab chiqarish bo‘yicha pilot obyekt qurilishi boshlangani mamlakatning «yashil iqtisodiyot»ga o‘tish bo‘yicha strategik rejalarini tasdiqladi.
Loyiha ikki bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda 2025 yildan boshlab yiliga 3 ming tonna hajmda yashil vodorod ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu mahsulot sanoat va energetika sohalarida uglerod chiqindilarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Ikkinchi bosqichda esa Chirchiq shahrida yashil vodorod asosida yiliga 500 ming tonnagacha ammiak ishlab chiqarish, shuningdek, umumiy quvvati 2,4 gigavattgacha bo‘lgan shamol elektr stansiyalari parkini barpo etish ko‘zda tutilgan.





