add

O‘zbekistonda 6 ta chegara bojxona posti tugatiladi

Kecha 16:252 daqiqa

Bojxona ma’muriyatchiligidagi o‘zgarishlar doirasida qator postlar yopilib, nazorat vakolatlari qayta ko‘rib chiqilmoqda.

O‘zbekistonda 6 ta chegara bojxona posti tugatiladi

O‘zbekistonda bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish doirasida 6 ta chegara bojxona posti tugatilishi belgilandi. Bu tashqi savdo tartibotlarini soddalashtirish va nazorat jarayonlarini yanada samarali tashkil etishga qaratilgan prezident farmoni bo‘yicha amalga oshirilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, tugatiladigan bojxona postlari qatoriga «Bobotog‘» bojxona punkti, «Uchto‘rg‘on», «Pop», «Rovot», «Rishton» hamda «Bekobod avto» chegara bojxona postlari kiradi. Ushbu punktlar orqali amalga oshiriladigan ayrim funksiyalar boshqa tuzilmalarga o‘tkaziladi.

2026 yildan boshlab mazkur chegara o‘tkazish punktlarida avtotransport vositalarini ko‘zdan kechirish ishlari sinov tariqasida faqatgina chegara qo‘shinlari tomonidan amalga oshirilishi belgilanmoqda. Bu orqali takroriy nazorat jarayonlarini qisqartirish va harakatni tezlashtirish maqsad qilingan.

Shu bilan birga, Masofaviy elektron deklaratsiyalash tizimi faoliyati ham qayta tashkil etiladi. Xususan, Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida joylashgan MED bojxona postlari faoliyati to‘xtatiladi. Bu esa elektron deklaratsiyalash jarayonlarini markazlashtirishga xizmat qiladi.

Tugatilayotgan bojxona postlaridagi shtat birliklari bekor qilinmaydi. Ular «Bojxona rasmiylashtiruvi markazi»ga, shuningdek, ish hajmi yuqori bo‘lgan boshqa bojxona postlariga o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot o‘rnida, ushbu chora-tadbirlar «Bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish hamda samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2026 yildan bojxona to‘lovlarida qator imtiyoz va yengilliklar berilishi haqida xabar qilgan edik.

Teglar

Mavzuga oid