add

Janubiy Koreya sobiq prezidentiga o‘lim jazosi so‘ralishi mumkin

Kecha 21:452 daqiqa

Mamlakat sobiq prezidenti Yun Sok Yolning sudida prokuratura unga nisbatan eng og‘ir jazoni talab qilishi mumkinligi aytilmoqda.

Janubiy Koreya sobiq prezidentiga o‘lim jazosi so‘ralishi mumkin

Janubiy Koreyada maxsus prokuror sobiq prezident Yun Sok Yolga nisbatan isyon uyushtirish aybi bo‘yicha sud jarayonida o‘lim jazosi yoki umrbod qamoq talab qilish niyatida. Bu haqda «Reuters» agentligi xabar berdi. Juma kuni Seul markaziy tuman sudida mazkur ish bo‘yicha quyi instansiyadagi sudning yakuniy majlisi bo‘lib o‘tdi.

Qayd etilishicha, Yun Sok Yol 2024 yilda joriy etilgan qisqa muddatli harbiy holat ortida turgan asosiy shaxs hisoblanadi. Janubiy Koreya qonunchiligiga muvofiq, isyon aybi bilan aybdor deb topilgan shaxs o‘lim jazosi yoki umrbod ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Ammo mamlakatda 1997 yildan buyon o‘lim jazosi ijro etilmagan.

Prokurorlar sudda bildirishicha, Yun va o‘sha paytdagi mudofaa vaziri Kim Yon Xyon 2023 yil oktabridan boshlab parlament faoliyatini to‘xtatish va qonun chiqaruvchi vakolatlarni o‘z qo‘liga olish rejasini muhokama qilgan. Ayblovga ko‘ra, ular siyosiy raqiblarni, jumladan, o‘sha davrdagi muxolifat yetakchisi Li Chje Myonni «davlatga qarshi kuchlar» sifatida ko‘rsatish va hibsga olishni rejalashtirgan.

Shuningdek, prokuratura Yun va uning atrofidagilar harbiy holat joriy etish uchun bahona yaratish maqsadida Shimoliy Koreya bilan keskinlikni oshirishga uringanini, hatto maxfiy dron amaliyotini muhokama qilganini ta’kidladi. Garchi harbiy holat urinishi olti soatcha davom etgan bo‘lsa-da, u Osiyoning to‘rtinchi yirik iqtisodiyoti bo‘lgan mamlakatda kuchli siyosiy inqirozga sabab bo‘ldi.

65 yoshli Yun Sok Yol barcha ayblovlarni rad etib, harbiy holat e’lon qilish prezident vakolati doirasida bo‘lganini va bu qadam hukumat ishiga muxolifat to‘siqlariga e’tibor qaratish maqsadida qilinganini bildirdi.

Sud qarori fevral oyida e’lon qilinishi kutilmoqda. Bu qaror 2024 yil dekabrdagi harbiy holatdan keyin boshlangan bir yillik siyosiy beqarorlikka yakuniy nuqta qo‘yadi. Yun Sok Yol Konstitutsiyaviy sud qarori bilan lavozimidan chetlatilgan, navbatdan tashqari saylovlarda esa prezidentlikka Li Chje Myon saylangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreya prokuraturasi sobiq prezident Yun Suk Yolni KXDRni qasddan qo‘zg‘atib, harbiy holat joriy etish orqali hokimiyatni egallashga urinishda ayblagani haqida xabar bergandik.

Teglar

Mavzuga oid