
Solovyov Rossiya Ukrainadagi kabi Markaziy Osiyoda ham urush boshlashi kerakligini aytdi
Uning fikricha, Rossiya o‘zining ta’sir doirasi deb biladigan hududlarda, xususan Markaziy Osiyo mintaqasida «maxsus harbiy operatsiya» o‘tkazish huquqiga ega bo‘lishi kerak.

Rossiya nafaqat Ukrainada, balki boshqa sobiq sovet mamlakatlarida ham «maxsus harbiy operatsiya» o‘tkazishi mumkin. Bu haqda rossiyalik teleboshlovchi va targ‘ibotchi Vladimir Solovyov o‘zining mualliflik ko‘rsatuvida Moskvaning tashqi siyosiy manfaatlari haqida gapira turib so‘z ochdi.
U xalqaro huquq normalarini inkor etgan holda qo‘shni davlatlarga nisbatan harbiy kuch ishlatish g‘oyasini ilgari surdi. Uning ahmoqona fikricha, Rossiya o‘zining ta’sir doirasi deb biladigan hududlarda, xususan Markaziy Osiyo mintaqasida «maxsus harbiy operatsiya» o‘tkazish huquqiga ega bo‘lishi kerak.
«Armanistondan ayrilish — bu biz uchun strategik inqirozdir. «Bizning Osiyo», ya’ni ular Markaziy Osiyo deb ataydigan mintaqadagi muammolar esa Rossiya uchun halokatli xavf tug‘dirishi mumkin. Biz nihoyat maqsad va vazifalarimizni keskin va aniq belgilab olishimiz shart. Shuni ochiq aytish kerakki: o‘yinlar tugadi. Xalqaro huquq va soxta tartib-qoidalarga qarashning hojati yo‘q. Agar milliy xavfsizligimizni himoya qilish uchun Ukrainada maxsus harbiy operatsiya boshlashga majbur bo‘lgan bo‘lsak, nima uchun aynan shu mantiq bilan ta’sir doiramizning boshqa strategik nuqtalarida ham xuddi shunday harakatlarni amalga oshira olmaymiz?» — dedi u.
Solovyov o‘zining agressiv ritorikasi va jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilishi bilan tanilgan bo‘lib, uning chiqishlari bir necha bor xalqaro miqyosda qoralangan. Uning bu galgi bayonoti ham Rossiyaning qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarida kuch ishlatish siyosati ustuvor bo‘lib qolayotganidan dalolat beradi.
Solovyov kim?
U — Rossiyaning eng agressiv propaganistlaridan biri: doim keskin, haqoratli va provokatsion uslubda gapiradi. Uning chiqishlari ko‘p marta Armanistonda taqiqlangan, Yevropa va Ukrainada qoralangan. Bu uning odatiy «shou»si — Kremlning rasmiy pozitsiyasi emas, lekin ko‘pchilik uni Kremlning «ovozi» deb biladi.





