add

«Metan»ga qo‘yilgan cheklov, 200 gramm mix yutgan erkak, oltini ortayotgan O‘zbekiston, samarqandlik 15 yoshli kuyov — hafta dayjesti

Kecha 17:556 daqiqa

O‘tayotgan hafta ichida O‘zbekistonda sodir bo‘lgan eng ahamiyatli va muhokamalarni keltirib chiqargan voqea-hodisalarni yana bir bor esga olamiz.

Yakunlayotgan hafta davomida O‘zbekistonda va qo‘shni davlatlarda sodir bo‘lgan eng ahamiyatli va muhokamalarni keltirib chiqargan voqea-hodisalarni esga olamiz. Bugun haftalik dayjestimizda:

  • «Metan» shoxobchalariga qo‘yilgan cheklov

  • Oltin zaxirasi ortib borayotgan O‘zbekiston

  • 200 gramm mixni yutib yuborgan erkak

  • Samarqandlik 15 yoshli kuyov

«Metan»ga yana cheklov

Qish mavsumida gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolar yana trendda. Hafta ichida respublika bo‘ylab metan gaz to‘ldirish shoxobchalari faoliyatiga navbatdagi cheklovlar joriy etildi.

8-yanvardan boshlab respublika bo‘ylab avtomobillarga metan gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari soat 10:00 dan 16:00 gacha ishlaydi. Vodiyda esa metan «zapravkalar» qachon ishlashini mahalliy hokimliklar hal qilishi belgilangan. Ya’ni, shoxobchalar maxsus ko‘rsatma berilgunga qadar umuman ishlamaydi.

Energetika vazirligining qayd etishicha, magistral gaz quvurlarida bosim pasayishi kuzatilayotganligi sababli birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.

«Bu zaruriy choralar vaqtincha bo‘lib, gaz bosimini me’yorga keltirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilayotganini ma’lum qilamiz», — deyiladi vazirlik xabarida.

Boysunda sizib chiqqan neft

Ijtimoiy tarmoqlarda Boysun tumanidagi «Mustaqillikning 25 yilligi» koni yaqinida neft sizib chiqishi bilan bog‘liq videolar keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayrimlar buni Mingbuloqda otilib chiqqan neft bilan qiyoslab, ulkan neft koni topilganiga ham yo‘yishdi. Biroq, keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, bu shunchaki gaz konidagi yondosh neft suyuqligi bo‘lib, uni qayta ishlab, neft mahsulotlari olib bo‘lmaydi.

Energetika vazirligi holatni tasdiqlab, neft suyuqligi tarqalishining oldini olish maqsadida hudud atrofida hamda soy o‘zani bo‘ylab qo‘shimcha himoya hovuzlari barpo etilganini ma’lum qildi.

Shuningdek, yig‘ib olinayotgan neft suyuqligi uzluksiz ravishda maxsus izolyatsiyalangan 2 ta hovuzga yig‘ilayotgani ma’lum qilindi. U yerda neft suyuqligini xavfsiz saqlash hamda keyinchalik undan samarali foydalanish imkonini beradi.

Hozir mazkur holat doimiy nazoratda bo‘lib, neft suyuqligi jilovlangan va dastlabki kunlarda kanalga oqib chiqqan neft suyuqliklari tozalanmoqda.

Go‘shtini yeyish uchun it boqqan erkak

Bu hafta Toshkent viloyatida hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik holati ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Yangiyo‘lda fuqaro o‘z itini go‘shtini yeyish uchun o‘ldirgani aniqlandi.

Ma’lum qilinishicha, Call-markaziga Yangiyo‘llik fuqaro murojaat qilib, tanishidan itni o‘ldirish jarayoni aks etgan videolarni olganini bildirgan. Shundan so‘ng «Mehr va oqibat» hayvonlarni himoya qilish jamiyati Ichki ishlar vazirligiga rasmiy murojaat yuborib, hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik qilgan shaxsni aniqlash va unga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

«Ekolog» jamoat birlashmasi olib borgan tezkor tekshiruvda ushbu shaxs 30 yoshli, Yangiyo‘l shahrida yashovchi fuqaro ekani aniqlandi. U o‘z uyida itlarni, jumladan o‘z itini ham muntazam ravishda o‘ldirib, go‘shtini iste’mol qilib kelgani ma’lum bo‘ldi.

Jamoatchilik faollari bu shaxsga qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan. Qonunchilikka ko‘ra, hayvonlarga shafqatsiz munosabat ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

«Prava» uchun imtihon narxi oshdi

O‘zbekistonda haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi Yagona imtihon markazida imtihon topshirish narxi 50 foizga oshirilgan. Bu haqda markazning ommaviy ofertasida keltirilgan.

Unga ko‘ra, endilikda birinchi marta amaliy va nazariy imtihon topshirish narxi 1 mln 500 ming so‘mni tashkil qiladi. Umumiy imtihon topshirish narxi esa 3 mln so‘m. Hujjatga ko‘ra, nazariy va amaliy imtihonlardan har birini qayta topshirish narxi — 1 mln 600 ming so‘m.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu oferta shartlari 6-yanvardan kuchga kirgan.

Qayd etish kerak, 7-yanvargacha imtihon topshirish narxi birinchi marta 1 mln so‘m (nazariy va amaliy umumiy – 2 mln so‘m), qayta topshirish esa 1 mln 200 ming so‘m edi.

Humans ilovasi orqali 2 mingdan ortiq shaxsning pullari «uxlatildi»

Humans ilovasi orqali shaxsiy mablag‘laridan ayrilgan foydalanuvchilar soni ochiqlandi. So‘nggi ma’lumotga ko‘ra, 2 mingdan ortiq foydalanuvchi qariyb 7 mlrd so‘m mablag‘idan mahrum bo‘lgan.

O‘g‘irlik 2025 yil dekabr oyi boshida ro‘y bergan, o‘shanda Humans kompaniyasi va Paylov to‘lov xizmati bir-birini ayblab bayonotlar bergandi.

7-yanvar kuni Markaziy bank Humans kompaniyasiga to‘lov xizmatlarini taqdim etgan «Octogram» AJ (Paylov savdo belgisi) to‘lov tashkilotida tekshiruv yakunlanganini malum qildi. Tekshiruv natijalari bo‘yicha tuzilgan ma’lumotnoma Ichki ishlar vazirligiga huquqiy baho berish va o‘z vakolati doirasida choralar ko‘rish uchun taqdim etilgan.

Markaziy bankka ko‘ra, jabrlanuvchilar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishi kerak.

Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdordagi o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirda IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

200 gramm mix yutib yuborgan erkak

So‘nggi kunlarda noodatiy va hayratlanarli voqealarning guvohi bo‘lyapmiz. Bu hafta O‘zbekistonda ham shunday holatlardan biri aniqlandi: Samarqandda 29 yashar erkakning 200 gramm mix va boshqa metall buyumlarni yutib yuborgani ma’lum bo‘ldi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filiali xabariga ko‘ra, muassasaga 29 yoshli fuqaro qorin sohasida kuchli og‘riq bilan keltirilgan. Shoshilinch qabul bo‘limida o‘tkazilgan diagnostika va laboratoriya tahlillariga ko‘ra bemorning me’da ichak tizimida katta miqdorda yot jismlar ya’ni mix va burama mix borligi aniqlangan.

Ma’lumotga ko‘ra, erkak qattiq stressga tushgani va o‘z xatti-harakatlarini nazoratga olmagan holda ushbu jismlarni yutgani aytilmoqda.

Bemorda shoshilinch ravishda laparotomiya, gastrostomiya usulida jarrolik amaliyoti o‘tkazilib, qorin bo‘shlig‘idan mix va boshqa turdagi metal jismlar olib tashlangan. Hozirgi vaqtda bemorning ahvoli qoniqarli.

Oltin zahirasi ortib borayotgan O‘zbekiston

O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari 66,3 mlrd dollarga yetib, rekordni yangiladi.

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, dekabr oyida zaxiralar 5 milliard dollardan ortiqga ko‘paydi va yil boshidan buyon o‘sish sur’ati 61 foizni tashkil etdi. O‘sishning asosiy qismi jahon bozorlarida oltin narxining keskin ko‘tarilishi hisobiga ta’minlangan.

Oltin-valuta zaxiralari tarkibida oltinning ulushi hali ham katta bo‘lib, jismoniy hajmi 12,6 million troya unsiyasiga yetdi.

15 yoshli kuyov

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatida 15 yoshli bola uylangani haqida xabarlar keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan Bolalar ombudsmani rasmiy munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, videoni Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida yashovchi fuqaro ijtimoiy tarmoqqa joylagan. Dastlabki kadrlar 2025 yil noyabr oyida Pastdarg‘om tumanidagi to‘yxonada bo‘lib o‘tgan to‘y marosimida, keyingi kadrlar esa boshqa to‘yxonada tasvirga olingan. Videoda ko‘rsatilgan bolalar bilan to‘y haqiqatan ham bo‘lmagan, ikki tasvir aniqlangan fuqaro tomonidan birlashtirilib, yagona videorolik shaklida tayyorlangan. Maqsad — ijtimoiy tarmoqda obunachilar sonini oshirish bo‘lgan.

Hozirda Pastdarg‘om tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilib, videoni joylagan fuqaro harakatlariga huquqiy baho berilmoqda. Qo‘shimcha qonuniy choralar haqida ma’lumot beriladi.

Erondagi namoyishlar

So‘nggi kunlarda Eronda ommaviy namoyishlar avj olmoqda. Riyol kursi keskin qulagani va inflatsiya kuchaygani ortidan boshlangan ko‘cha namoyishlari ketma-ket 12-kun davom etmoqda. Payshanba kuni, 8-yanvar kuni namoyishchilar Tehrondagi asosiy magistral yo‘llardan biri — Oyatulloh Koshoniy bulvarini to‘sib qo‘ydi.

Namoyishchilar asosan Tehron, Mashhad va Kirmonshohda ko‘chaga chiqib, giperinflyatsiya va oziq-ovqat narxlarining keskin oshib ketishiga norozilik bildirmoqda. Xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llamoqda va politsiya mashinalari yongani xabar qilingan.

Hukumat internetga kirishni to‘liq cheklab, mamlakatda deyarli umummilliy «internet blekauti» yuzaga keldi. Faqat amaldorlar va kuch tuzilmalari internetdan foydalanish imkoniyatiga ega.

Erondagi noroziliklar ortidagi iqtisodiy tanazzul ham aniq: milliy valuta rial rekord darajada qulagan va oziq-ovqat inflyatsiyasi yuqori bo‘lgan. Namoyishlar natijasida kamida 45 nafar odam halok bo‘lgan, ular orasida 8 nafar voyaga yetmagan ham bor.

AQSH prezidenti Donald Tramp Eron rahbariyatini ogohlantirib, aholiga zo‘ravonlik qila boshlasa, qat’iy chora ko‘rilishini bildirdi.

Teglar

Nozima Qarshiboyeva

Nozima QarshiboyevaMaqolalar soni: 15

Barchasi

Mavzuga oid