
Gmailʼga sun’iy intellekt funksiyalari qo‘shildi – Google
Yangi funksiyalar elektron xatlarni tezkor tahlil qilish, javob tayyorlash va muhim vazifalarni o‘tkazib yubormaslikka yordam beradi.

Google barcha foydalanuvchilar uchun Gmail platformasida sun’iy intellektga asoslangan yangi funksiyalarni joriy etganini ma’lum qildi. Kompaniyaga ko‘ra, endilikda elektron pochtada xatlar oddiy xronologik tartibda emas, balki foydalanuvchi uchun ahamiyatli bo‘lishi mumkin bo‘lgan mavzular bo‘yicha qisqacha sun’iy intellekt xulosalari bilan taqdim etiladi.
Yangi rejim Gmailʼning xatlar ro‘yxatini tahlil qilib, ular asosida foydalanuvchi bajarishi mumkin bo‘lgan amallarni taklif qiladi. Masalan, tish shifokori qabulini boshqa kunga ko‘chirish, murabbiyga javob yozish yoki sport musobaqasida qatnashish uchun to‘lov qilish kabi vazifalar avtomatik ravishda eslatilishi mumkin.
«AI Inbox» deb nomlangan ushbu funksiya dastlab AQSHdagi sinov foydalanuvchilari uchun va faqat brauzer versiyasida ishga tushiriladi. Keyinchalik esa u barcha oddiy Gmail foydalanuvchilariga, hatto pullik obunasiz ham taqdim etiladi. Shu bilan birga, qo‘llab-quvvatlanadigan tillar va hududlar ro‘yxati bosqichma-bosqich kengaytirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, endi pullik obunaga ega bo‘lmagan foydalanuvchilar ham javoblar uchun shaxsiylashtirilgan maslahatlar, sun’iy intellekt yordamida tuzilgan xatlar zanjirining qisqacha sharhlari hamda matn yozishda yordam beruvchi «Help Me Write» vositasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ilgari bu funksiyalar faqat obuna egalari uchun ochiq edi.
Bundan tashqari, Google AI Pro va Google AI Ultra obunalari doirasida Gemini yordamida imlo tekshiruvi va elektron pochtada intellektual qidiruv kabi yangi imkoniyatlar ham joriy etilmoqda. Masalan, «Dekabr oyida tishimni qaysi stomatologga davolatgan edim?» degan so‘rov orqali tizim xatlar orasidan kerakli kontaktni topib berishi mumkin.





