Eron endi kimning qo‘lida?

02.03.2026 | 12:412 daqiqa

Oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘lgani ortidan Eronni vaqtincha boshqarish uchun uch kishilik kengash tuzildi. Yaqin kunlar ichida esa yangi oliy rahnamo saylanadi.

AQSH va Isroilning qo‘shma hujamida Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘ldi. Mamlakatni 36 yildan beri idora qilib kelayotgan rahbarning o‘limi ortidan endi nima bo‘ladi degan savol ko‘pchilikni o‘ylantimoqda.

Eron qonunchiligiga ko‘ra, yangi rahbar saylangunga qadar mamlakatni 3 kishilik vaqtincha kengash boshqaradi. Bu kengash tarkibiga prezident Mas’ud Pezeshkiyon, sud hokimiyati rahbari G‘ulomhusayn Muhsini Ejayi hamda Konstitutsiyani muhofaza qilish kengashi a’zosi oyatulloh Ali Rizo Arafi kirdi.

Eron Konstitutsiyasining 111-moddasiga muvofiq, Konstitutsiya qo‘riqchilari kengashining bir huquqshunosi vaqtinchalik rahbarlik kengashida ishtirok etishi kerak. Siyosiy maqbullikni aniqlash kengashi oyatulloh Ali Rizo Arafini shu kengash a’zosi sifatida sayladi, shunda mamlakat boshqaruvi uzilishsiz davom eta oladi va Muttaxassislar kengashi imkoniyat qadar tezroq doimiy rahbarni saylay oladi.

67 yoshli oyatulloh Ali Rizo Arafi nufuzli shia diniy arbobi sifatida qaraladi va Xomanaiyning ishonchli odami bo‘lgan. Arafi Konstitutsiya qo‘riqchilari kengashi hamda Oliy rahbarni saylaydigan Muttaxassislar kengashi a’zosi hisoblanadi.

Lekin bu faqat vaqtinchalik boshqaruv. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchining ma’lum qilishicha, 1-2 kun ichida Muttaxassislar kengashi yangi oliy rahnamoni saylaydi.

Ali Lorijoniy ham yuzaga chiqmoqda

Ayni paytda vaqtinchalik kengash tarkibiga kirmagan Eronning tajribali siyosatchisi Ali Lorijoniyning nomi ham tez-tez tilga olinmoqda. U o‘tgan yili xavfsizlik iyerarxiyasidagi eng qudratli shaxslardan biri sifatida yana maydonga qaytgan edi. U yadroviy muzokaralardan tortib Tehronning mintaqaviy aloqalarigacha hamda ichki tartibsizliklarni bostirishgacha bo‘lgan keng qamrovli yo‘nalishlarni boshqarib kelgan.

Avgust oyida Oliy Milliy Xavfsizlik Kengashi kotibi etib tayinlangan Lorijoniy faoliyati davomida Xomanaiyga sadoqati va tizim ichidagi ko‘pincha o‘zaro raqobatchi guruhlar bilan amaliy munosabat o‘rnata olishi bilan tanilgan.

Lorijoniy Moskvaga bir necha bor tashrif buyurib, prezident Vladimir Putin bilan uchrashgan va shu orqali Xomanaiyga AQSH bosimiga qarshi muvozanat vazifasini o‘tayotgan muhim ittifoqchi bilan munosabatlarni boshqarishda yordam bergan.

U, shuningdek, Xitoy bilan muzokaralarni ilgari surish vazifasini ham bajargan va bu 2021 yilda 25 yillik hamkorlik kelishuvi imzolanishiga olib kelgan.

U 2005 yilda prezidentlikka nomzodini qo‘ygan, ammo g‘alaba qozona olmagan. Keyinchalik 2021 va 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida qatnashmoqchi bo‘lgan, ammo Qo‘riqchilar kengashi uni turmush tarzi standartlari va xorijdagi oilaviy aloqalar kabi sabablarni keltirib, ikki marta ham ro‘yxatdan o‘tkazmagan.

Teglar

Alibek Beyjanov

Alibek BeyjanovMaqolalar soni: 487

Barchasi

Mavzuga oid